Andijon davlat tibbiyot institutida bugungi kunda 1300 nafardan ortiq xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Ularning qariyb 1000 nafari Hindiston Respublikasidan kelgan bo‘lib, institut tomonidan ular uchun qulay ta’lim va yashash sharoitlarini yaratish, milliy bayramlarini nishonlashni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi sifatida talabalar turar joyida hindistonlik talabalar uchun an’anaga aylanib borayotgan “Dhavai 4.0” — “yorug‘lik bayrami” festivali ko‘tarinki ruh, yuqori kayfiyat va unutilmas taassurotlar og‘ushida o‘tkazildi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, barcha ishtirokchilarni samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida bunday tadbirlar turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Mazkur rang-barang festival Hindiston madaniyatining o‘ziga xos jozibasini namoyon etdi. Tadbir davomida xorijlik talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar, an’anaviy raqslar va teatrlashtirilgan ko‘rinishlar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi.
Shuningdek, hind milliy taomlari taqdimoti mehmonlarda katta taassurot qoldirib, ularga o‘zgacha ta’mlar manzur bo‘ldi. Bayram davomida tashkil etilgan DJ kechasi esa tadbirga zamonaviy ruh bag‘ishlab, yoshlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

“Dhavai 4.0” festivali turli davlatlardan kelgan talabalarni yagona do‘stona muhitda birlashtirgan, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirgan yorqin tadbir sifatida barchaning yodida qoldi.








