Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Rossiya Federatsiyasining Ivanovo davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida “Nevrologiya amaliyotida reabilitatsiya masalalari” mavzusida o‘quv jarayoniga zamonaviy xalqaro tajribalar asosida ma’ruza va seminarlar tashkil etildi.
Mazkur ilmiy-amaliy tadbirlarda Ivanovo davlat tibbiyot universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Yelena Nikolayevna Ivanova ishtirok etdi. U nevrologiya, neyroxirurgiya va bolalar nevrologiyasi sohasida yetakchi mutaxassislardan biri sifatida tanilgan. Shuningdek, tashrif doirasida tibbiyot va pedagogika fanlari doktori, professor, Somatopsixik salomatlikni muhofaza qilish bio instituti direktori, Komorbid nevrologiya bo‘yicha Milliy ekspertlar uyushmasi prezidiumi a’zosi, EANNNA prezidenti Igor Vasilevich Reverchuk ham faol qatnashdi.

Bundan tashqari, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, Ivanovo davlat tibbiyot universitetining ilmiy va xalqaro faoliyat bo‘yicha prorektori Mariya Vladimirovna Jabburina hamda tibbiyot fanlari doktori, Rossiya Federal tibbiyot-biologiya agentligi Milliy tibbiy tadqiqot markazi onkologiya bo‘yicha direktor o‘rinbosari Anton Sergeyevich bilan mehnat shartnomalari imzolandi. Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi nafaqat kursantlar, klinik ordinatorlar, magistrlar hamda pedagog-o‘qituvchilar uchun seminar (vebinar) va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, balki ilmiy tadqiqotlar borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakultetining neonatologiya, nevrologiya, bolalar nevrologiyasi, psixiatriya, narkologiya, psixologiya va tibbiy psixoterapiya kafedralari pedagog-o‘qituvchilari, kursantlar, klinik ordinatorlar, magistrlar va talabalar uchun qator ma’ruzalar, seminarlar, mahorat darslari hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Postinsult holatlar va reabilitatsiya samaradorligini oshirish texnologiyalari” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda insultdan keyingi bemorlarda kuzatiladigan nevrologik va funksional buzilishlar, ularni erta aniqlash hamda bosqichma-bosqich tiklash usullari batafsil tushuntirildi. Zamonaviy reabilitatsiya yondashuvlari, xususan individual yondashuv, multidisiplinar jamoa ishtirokida davolash hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish orqali bemorlarning hayot sifatini oshirish masalalari keng yoritildi.

Shuningdek, “Nevrologik qabulda “qiyin bemor”ni yuritish: diagnostika, boshqaruv va terapiya” mavzusida ham muhim ma’ruzalar tinglandi. Unda klinik amaliyotda uchraydigan murakkab holatlar tahlil qilinib, bunday bemorlar bilan samarali muloqot o‘rnatish, to‘g‘ri tashxis qo‘yish, differensial diagnostika olib borish va individual davolash rejasini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bemor bilan ishlashda psixologik yondashuv va ishonchni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, “Bolalarda eshitish va nutqni tiklashda oilaga yo‘naltirilgan yondashuv” mavzusi doirasida erta aralashuvning ahamiyati, ota-onalarni reabilitatsiya jarayoniga faol jalb etish va ularga to‘g‘ri yo‘naltirish usullari keng muhokama qilindi. Bolaning rivojlanishida oila muhim o‘rin tutishi, logopedik va audiologik yordamni uy sharoitida davom ettirish imkoniyatlari hamda individual dasturlar asosida ishlash samaradorligi haqida atroflicha ma’lumot berildi.




