Andijon davlat tibbiyot institutida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu sana yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni asrash, o‘tganlarni xotirlash va bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish g‘oyalarini targ‘ib etuvchi muhim bayram sifatida alohida e’tibor bilan nishonlanadi.
Tadbir avvalida institut rektori M.Madazimovning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrik matnini Yoshlar masalalari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov tinglovchilarga yetkazdi. Unda urush va mehnat faxriylariga hurmat ko‘rsatish, ularning jasorati va fidoyiligini yod etish, shuningdek, tinchlikning bebaho ne’mat ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, tibbiyot xizmati polkovnigi, tibbiyot fanlari nomzodi S. Shamsuddinov, institutda uzoq yillar davomida samarali faoliyat olib borgan mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdilar. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar 9-may sanasining mazmun-mohiyati, xalqimiz tarixida tutgan o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi.
Nutqlarda ayniqsa tinchlikning qadri, uning osonlik bilan qo‘lga kiritilmaganligi, bugungi farovon hayot zamirida ajdodlarimizning mardligi va matonati mujassam ekani ta’kidlandi. Shuningdek, yosh avlodni ilm olishga, izlanishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga undash, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida urg‘u berildi. Mehnat faxriylari esa o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga saboq bo‘ladigan ibratli fikrlarini bildirdi.

Tadbir yakuniy qismida esa bayram dasturi yanada boyitildi. Jumladan, Andijon shahridagi 14014-harbiy qism orkestri ham ishtirok etib, harbiylik ruhidagi jo‘shqin va tantanavor kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ularning chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh va shukuh bag‘ishlab, Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, institut talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar — kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar ham namoyish etildi. Ushbu chiqishlar orqali yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.









