2025-yil 15–16-aprel kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida hududda tibbiyot sohasini rivojlantirish,ni zamonaviy tibbiy taʼlim tizimini yo‘lga qo‘yish hamda “Andijon tibbiyot brendi”ni yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishda Andijon davlat tibbiyot instituti faoliyatiga yuqori baho berib, institutning nafaqat viloyat, balki butun vodiy hududi uchun malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashdagi o‘rni muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, bugungi kunda 2 ming nafarga yaqin namanganlik yoshlar Andijonga qatnab tahsil olayotgani inobatga olinib, Namanganda Andijon davlat tibbiyot institutining filialini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Prezidentimiz ushbu filialni kelgusida mustaqil oliy taʼlim muassasasi darajasiga olib chiqish, Andijon davlat tibbiyot institutiga esa universitet maqomini berish bo‘yicha muhim fikrlarni bildirib o‘tdi. Bu esa tibbiy taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda hududlarda zamonaviy tibbiyot xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ayni kunlarda institutning Namangan filialini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, filial uchun ajratilgan bino to‘liq taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘quv auditoriyalari, laboratoriyalar, maʼruza zallari hamda talabalar uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

Bugun Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov Namangan filialida olib borilayotgan jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati, binoning texnik va sanitariya ahvoli, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda xodimlar uchun yaratilayotgan qulayliklar batafsil o‘rganildi. Shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

Rektor tomonidan filial faoliyatini yuqori saviyada yo‘lga qo‘yish, taʼlim sifatini taʼminlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriq va tavsiyalar berildi. Taʼkidlanganidek, mazkur filialning tashkil etilishi nafaqat Namangan viloyati yoshlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi, balki vodiy hududida tibbiyot sohasi rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.





