alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORI M.M.MADAZIMOVNING 9-MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

06:58 09.05.2023

Assalomu alaykum, aziz hamkasblar, ilmga chanqoq talaba-yoshlar!

Muhtaram faxriylar!

Ayni kunlarda yurtimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alaba kunini keng nishonlamoqdamiz.

Ushbu ulug‘ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Shu kunda Vatan ozodligi yo‘lida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, Vatan tinchligi, yurt taraqqiyoti yo‘lida samarali va fidokorona mehnat qilgan insonlar yodga olinadi.

Andijon davlat tibbiyot institutining tashkil topganidan buyon o‘tgan yillar mobaynida yuqori malakali ustoz va professor-o‘qituvchilar, tarbiyachilar talabalarga taʼlim berib kelmoqdalar. Ular orasida oliygohimizning bugungi kundagi mavqeyi va nufuzida Usmon Alimov, Yusuf Otabekov, Rahim Nurmuhammedov, Satqul Jumaboyev, Mamazoir Xo‘jamberdiyev, Alisher Shodmonov kabi institutimiz rektorlarining, sizlar qatori bizga ham ustoz bo‘lgan professor-o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Ular rahbarlik bilan birga taʼlim sohasida ham, malakali shifokor sifatida ham eʼtibor qozonganlar.

Ularning ibratli hayot yo‘llari bizlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Biz doimo ularning xotiralarini yod etamiz. Ilmiy izlanishlari, yozib qoldirgan ilmiy asarlari bizga hamisha dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Ustozlarimizning ibratli hayot yo‘llari, samarali mehnat faoliyatlari haqida yosh avlodni xabardor qilish maqsadida ularning  oila aʼzolari, shogirdlari, do‘stlari, hamkasblari ishtirokida Xotira tadbirlarini muntazam o‘tkazib kelmoqdamiz.  Zero, yosh avlod bu kabi xayrli ishlarni kelgusida ham davom ettiradilar.

Qolaversa, hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarimizni doimiy tarzda holidan xabar olib, suhbatlaridan bahramand bo‘lib kelinmoqda. Ular esa avvalo yurtimiz tinchligi, vatan ravnaqi, shuningdek, ertamiz egalarining baxt-, kamolini so‘rab duo qilmoqdalar.

Qadrli faxriy ustozlar, sizlarni, siz orqali barcha yurtdoshlarimizni qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etaman. O‘zingiz va yaqinlaringizga sihat-salomatlik, oilangizga farovonlik tilayman. O‘tganlarni ruhi shod bo‘lsin!

M.M.Madazimov

Andijon davlat tibbiyot

instituti rektori, professor.

 

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!