alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.M.Madazimovning tabrigi

09:17 03.02.2024

Tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Nyu-York fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya ijtimoiy fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, Andijon davlat tibbiyot institutining faxriy rektori Mamazair Axmedovich Xo‘jamberdiyev mehnat faoliyatiga bir nazar. Ustoz tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlanadi.

Andijon davlat tibbiyot instituti nafaqat respublikada, MDH davlatlari hamda jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlaridagi tibbiyot oliygohlari orasida o‘z o‘rni va nufuziga egadir. Ushbu qutlug‘ dargohda ko‘plab qadrli insonlar yetishib chiqib, faoliyat ko‘rsatgan. Institut sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirishda Tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Nyu-York fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya ijtimoiy fanlar Akademiyasining muhbir a’zosi, Andijon davlat tibbiyot institutining faxriy rektori Mamazair Axmedovich Xo‘jamberdiyevning xizmatlari kattadir.

1967-yilda Andijon davlat tibbiyot instituti Davolash fakultetini bitirib, mehnat faoliyatini shu institutning Farmakologiya kafedrasi katta laborantligidan boshlab, assistent, dotsent, kafedra mudiri, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, institut rektori lavozimlarida ishlagan.

1997-2010-yillari M.Xo‘jamberdiyev Andijon davlat tibbiyot institutining rektori lavozimida ishlagan vaqtlarida, institut faoliyatini har tomonlama yuqori darajaga ko‘tardi. Uning tinimsiz harakatlari tufayli institutning yangi binosi qurib bitkazildi, barcha kafedralarning moddiy-texnik bazasi boyitildi.

O‘quv jarayoni uslubiy darajasi takomillashtirildi, o‘quv va mehnat intizomi mustahkamlandi. O‘quv jarayoni sifatini yaxshilashga hamda zamonaviy texnologiyalarni kiritishga alohida ahamiyat berildi. Institut reytingi mamlakat oliy o‘quv yurtlari orasida yuqori darajaga ko‘tarildi. Umumiy shifokorlarni tayyorlash uchun 2 ta o‘quv markazi ishga tushirildi.

2013-yilda esa institutning yangi Axborot markazi qurilishiga 870 million so‘m mablag‘ ajratilishiga va uning qurilishi jonlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z hissasini qo‘shgan.

M.Xo‘jamberdiyevning jonkuyarligi natijasida davolash ishlari keskin yaxshilandi. ADTI klinikasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi, kardioxirurgiya bo‘limi ochilib, yurakda ochiq operatsiyalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Institutning klinik bazalarida masofadan o‘qitishni yo‘lga qo‘yish va davolash ishlarini yanada yaxshilash maqsadida “Telemeditsina” yo‘lga qo‘yilgan va Rossiya Federatsiyasining bir nechta institutlarining olimlari va yirik mutaxassislari hamda Germaniya davlatining olimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga chiqish, ularning ma’ruzalarini, olib borayotgan tashrixlarini, operatsiyalarini institutning talabalari va xodimlariga yetkazish uchun xalqaro “Telemost” aloqasi ishga tushirilgan.

M.Xo‘jamberdiyev institut ilmiy salohiyatini oshirishga, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga katta ahamiyat bergan. Ilmiy ishlar bilan shug‘ullanuvchilar uchun ham moddiy va ma’naviy sharoit yaratgan. Institut markaziy ilmiy tekshirish laboratoriyasi yetarli reaktivlar va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

Professor M.Xo‘jamberdiyev rektorlik faoliyati vaqtida institut ilmiy salohiyati, o‘quv-pedagogik jarayonini yanada takomillashtirish va xalqaro darajaga ko‘tarishni maqsadli ko‘zlagan holda institutning ilmiy salohiyati keskin ko‘tarilgan, malakali kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat berilgan va bunga erishilgan. Institut mamlakat miqyosida yuqori natijalarga erishgan. 34 nafar fan doktori va 149 nafar fan nomzodlari yetishib chiqqan hamda institutning ilmiy laboratoriyasi tubdan rivojlantirilgan. Institutda ilk bora “Ichki kasalliklar” bo‘yicha ixtisoslik kengashi ochilgan va Kengash professor M.Xo‘jamberdiyev raisligida samarali faoliyat ko‘rsatgan, kengash nafaqat institut, balki mamlakat miqyosida malakali ilmiy-pedagoglar tayyorlab berishga katta xissa qo‘shgan va 42 nafar fan nomzodlik dissertatsiyasining himoyasi o‘tkazilgan.

M.Xo‘jamberdiyev faolligi tufayli Andijon davlat tibbiyot instituti O‘zbekiston Respublikasi miqyosida yuqori reytingga ega bo‘lgan institutga aylangan va institutning salohiyati, obro‘si yuqori darajaga ko‘tarilgan. U katta tashkilotchi, talabchan, adolatli rahbar bo‘lish bilan bir qatorda samimiyligi, kamtarligi, izlanuvchanligi, tashabbuskorligi, mehribonligi bilan ham ajralib turadi.

M.Xo‘jamberdiyev ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida sog‘liqni saqlash sohasi taraqqiyoti, tibbiy ta’lim sohasining rivojiga ulkan hissa qo‘shib, o‘z yurtiga, oilasiga, jamoasiga, do‘st-u yaqinlariga, kasbiga mehri va sadoqati yuksak inson, barcha shifokor-pedagoglar, ayniqsa, talaba-yoshlar havas qilsa, ibrat olsa arzigulik rahbar sifatida hurmat va e’tiborga loyiqdir.

M.Xo‘jamberdiyev “O‘zbekiston tibbiyot jurnali”, “O‘zbekiston terapevtlar axborotnomasi”, “Limfologiya”, “Markaziy Osiyo tibbiyot jurnali” jurnallarining mualliflar kengashi a’zosi hisoblanadi.

M.Xo‘jamberdiyev shu kunga qadar 11 ta darslik, 5 ta monografiya, jurnallarda 448 ilmiy maqola, 600 tadan ortiq tezislar, 28 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 5 ta patent, ulardan biri immunostimulyatsiya qiluvchi faollikka ega bo‘lgan “Gemalin” preparatini ishlab chiqarish usuli bo‘yicha, 72 ta amaliyotga tadbiq muallifi bo‘ldi.

Ilmiy mahsulotlari jahonning xalqaro va nufuzli jurnallarida chop etilgan.

Professor M. Xo‘jamberdiyev kardiologlar maktabini yaratgan va uning ilmiy rahbarligi ostida 4 nafar fan doktori, 15 nafar fan nomzodi tayyorlandi. Shuningdek, uning rahbarligida 200 nafardan ortiq magistr va klinik ordinatorlar, kardiologiya mutaxassisligiga ega bo‘lgan.

Hozirgi kunda 2 nafar shogirdi doktorlik va 6 nafari nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida turibdi.

Professor M. Xo‘jamberdiyev Andijon davlat tibbiyot institutining Ilmiy kengashida ushbu institutining faxriy rektori etib saylangan.

Andijon davlat tibbiyot instituti rektorati va ko‘p sonli jamoasi nomidan jonkuyar va talabchan rahbar, mehribon ustoz M.Xo‘jamberdiyevning qutlug‘ 80 yoshni qarshi olganligi bilan chin ko‘ngildan muborakbod etib, kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar, uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!