alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

10:20 11.11.2023

Aziz hamkasblar, shifokorlik deb atalmish mashaqqatli sohaning fidoiy, jonkuyarlari! Barchangizni Tibbiyot xodimlari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Yurtimizda 2006-yil 12-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami kuni sifatida tantanali nishonlab kelinadi. Bu esa siz-u bizga qaratilgan eʼtiborning yorqin namunasi desak, mubolagʻa emas!

Qadrli institutimiz professor-o‘qituvchilari sizlarni ikki karra mashaqqatli kasb egalarisiz desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi sizlar tibbiyot oliy ta’lim muassasasida bo‘lajak shifokorlarga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifani ham birdek faol olib bormoqdasiz.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq klinikada qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, 2000 oʻrinli oʻquv binosi ham qurib bitkazilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangandan soʻng eng yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari shifokorlarimiz tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun esa hozirdanoq tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborganmiz, qator mutaxassislarimiz xorijning yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirib kelmoqda.

Siz o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, shogirdlaringizni ham xalqimizning koriga yaraydigan, fidokor qilib tarbiyalayotganingiz sabab talabalarimiz ham hozirdanoq qator yutuqlarga erishib, nafaqat respublika balki jahon miqyosida muvafaqqiyat qozonib kelmoqda. Biz bundan faxrlanamiz.

Shu bilan birga, institutimiz jamoasi tomonidan xalqimizga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida viloyatimiz bo‘ylab chuqurlashtirilgan tibbiy-koʻriklar oʻtkazish ham anʼanaga aylanib ulgurgan. Unda shifokorlarimiz oʻz tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda, kam taʼminlangan oilalarning bemorlari bepul operatsiya qilinmoqda. Bularning barchasi xalqimizni tibbiyotdan rozi qilishga qaratilgan amaliy ishlarning yorqin namunasidir.

Meni eng quvontiradigani bugungi kunda talabalarimiz ham aholini sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatmoqdalar. Hozirdanoq xalqimizning salomatligi haqida qayg‘urib, faollik ko‘rsatayotgan, aziz talabalarim! Qadrli boʻlajak shifokorlar! Sizlarni ham bugungi bayram bilan chin qalbdan tabriklayman! Sizlar ustozlardan bilimlarni yuqori darajada o‘zlashtirib, kelajakda siz ham ulardek xalqimizga dildan xizmat qiling, har bir bemorni dori-darmon bilangina emas, yurak qoʻringiz va shirin soʻzingiz bilan davolang, deyman!

Hurmatli shifokorlar, hamkasblarim! barchangizni yana bir bor bayram bilan qutlab, Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, kasbiy faoliyatingizda esa zafarlar tilayman!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

 

Madaminjon Madazimov

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!