alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.M.Madazimovning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

07:48 08.12.2023

Jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish har birimizning muqaddas burchimizdir. Bu burch va huquqlarimiz dunyo mamlakatlarida boʻlganidek, Respublikamizning asosiy qonuni boʻlmish Konstitutsiyamizda belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. Hozirga qadar Konstitutsiyaga 15 marta o‘zgartirish kiritilgan. Bu galgi o‘zgarishlarning ko‘lami kengligi sabab O‘zbekiston Respublikasi Referendumi o‘tkazildi.

Unda xalqimizning fikri, takliflari 2 bosqichda o‘rganildi, shundan so‘ng Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi:

– birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun yurtdoshlarimiz 60 mingdan ziyod takliflar berdi;

– ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi va joriy yilning 1-may kunidan kuchga kirdi.

Unda moddalar soni amaldagi 128 tadan – 155 taga,  normalar soni 275 tadan – 434 taga ortdi. Bosh Qomusimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson qadri, uning huquq va qonuniy manfaatlari kafolatlari bilan bog‘liq belgilangan normalar mamlakatimizning chinakam demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, bosh Qomusimizda tibbiyot sohasi, ta’lim va yoshlar masalalariga ham alohida e’tibor berildi. Ushbu imkoniyatlarga institutimiz jamoasi va talabalari ham munosib javob bergan holda ko‘plab yutuqlarga erishmoqda.

Tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, malakali xizmat ko‘rsatish ko‘p  jihatdan malakali kadrlar salohiyatiga bog‘liq.  Shu maqsadda institutda ilmiy darajaga ega, dotsent, professorlarni ko‘paytirish ularning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun munosib sharoit yaratib berishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Bugungi kunda institutda 51 nafar fan doktori, professorlar, 216 nafar fan nomzodi, dotsentlar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning shu kuniga qadar,  39 ta PhD, 6 ta tibbiyot fan doktorlari yetishib chiqdi.

Qolaversa, institutimizga xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda maʼruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tishini tashkil etib kelmoqdamiz.  So‘nggi bir yil misolida aytadigan bo‘lsak, Isroil, Rossiya, Qirg‘iziston,  Qozog‘iston, Hindiston, Misr, Ukraina, Bellorussiya, Ozarbayjon davlatlaridan kelgan 25 nafar xorijlik mutaxassislar  institutda mashg‘ulotlar o‘tmoqda. Bugunga qadar 49 nafar professor-o‘qituvchilarimiz xorijda malaka oshirib qaytdi, yana 14 nafar professor-o‘qituvchilar tibbiyot tizimi rivojlangan  Xitoy, Turkiya, Koreya, Latviya, Kanada, Germaniya davlatalarida malaka oshirmoqda.  Natijada ularning taʼlim va tibbiyot sohasidagi bilimlari yana-da mustahkamlab, yangi va zamonaviy bilimlarni talabalarga  yetkazmoqda.

Shu o‘rinda talaba-yoshlar erishgan yutuqlarini alohida eʼtirof etish o‘rinli.  Qirg‘iziston Respublikasining  Bishkek shahrida Xalqaro tibbiyot maktabining 20 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro talabalar olimpiadasida bir guruh talabalarimiz ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash maqsadida Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazi tashabbusi bilan respublikamiz va bir qator xorijiy davlatlarning yetakchi mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar, magistrlar va talabalar ishtirokida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Xalqaro ilmiy forum”da Pediatriya fakulteti 3-bosqich talabalari Iqboljon Hakimjonov hamda Bobomurod Abdusalomov, Stomatologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Ziyotbek Rayimov ham munosib ishtirok etib “Ilm-fan iftixori”  ko‘krak nishoni,   maxsus guvohnoma hamda xalqaro sertifikat  bilan taqdirlandilar.

Bunday yutuqlar nafaqat tibbiyot balki, sport sohasida ham borligi quvonarli. Xitoyning Hangjou shahrida bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlari suzish bahslarida S13 klassida 100 metr masofaga batterflay usulida suzishda Davolash fakulteti kasb-taʼlimi yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Tursunxo‘jayev Muzaffar Shuxratillo o‘g‘li oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu yutuqlar bilan albatta farxlanamiz.

Qadrli ustozlar va oʻgʻil-qizlarim, sizlarni va sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman! Oilaviy tinchlik-hotirjamlik hamisha hamrohingiz bo‘lsin! Tinchligimiz abadiy boʻlsin! Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

 

M.Madazimov,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!