Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining munis ayollar uchun bayram tabrigi

21:47 06.03.2022

Assalomu alaykum,  Muhtarama onaxonlar va aziz opa-singillar!

Avvalo sizlar bilan mana shu nurafshon kunlarda, boychechak unib, bahor nafasi olamga zeb ulashib, goʻzalligingizga yanada chiroy qoʻshib turgan qutlugʻ ayyom 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ayol, deganda avvalo koʻz oʻngimizda munis onamiz paydo boʻladi. Ular bor uyimiz tinch, hovlilarimiz sarishta, kunlarimizda fayz bor. Institutimizning aziz ayollari sizlar ham mana shu taʼlim muassasamizning farishtalarisiz.

Bugungi kunda ayol-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy-maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish, taʼlim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha bir qator samarali ishlar olib borilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish asosiy masalalardan biri etib belgilangan. Xususan, kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish va ayollarning jamiyatdagi oʻrnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zoʻravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ayollarning salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ham qator tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi. Jumladan, 2022-yilda qoʻshimcha 6 ming nafar ayollarga yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatiladi, respublika boʻyicha 10 mingdan ziyod  nogironligi boʻlgan xotin-qizlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanadi, 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan oʻtkaziladi, 2022-2025-yillarda 227 ta tugʻruq kompleksi hamda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari toʻliq taʼmirlanadi va jihozlanadi, 9-12 yoshdagi oʻsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi emlash va boshqa 12 turdagi vaksinalar uchun 200 milliard soʻm ajratiladi, tugʻish yoshidagi, homilador va bola parvarishidagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul taʼminlash koʻlami kengaytirilib, mablagʻlar hajmi 30 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha oshiriladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ayol-qizlarni taʼlim olishlari uchun keng imkoniyat yaratilishiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash dasturi qabul qilish masalasini oʻrtaga qoʻydi. Dastur doirasida yangi oʻquv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan qizlarga taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Yangi oʻquv yilidan boshlab magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab beriladi, har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi, har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan 150 nafar qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlab beriladi, yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy oʻqishga sharoit yaratiladi, doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Hurmatli, talaba-qizlarim!   Bugun oliygohimizda 2802 nafar qizlar taxsil olmoqda. Ularning darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun 70 dan ziyod  ilmiy, kasbiy, ijtimoiy toʻgaraklar, ijodiy markazlar ish olib bormoqda. Bularning barchasi gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Talaba qizlarning  oʻzini oʻzi boshqarish, kasbga va xunarga yetaklash, oilaga tayyorlovchi koʻp tarmoqli  “Qizlarjon” klubi faoliyat yuritmoqda. Ingliz, rus tili, notiqlik sanʼati, yosh olima qizlar, chevarlik, pazandalik, toʻquvchilik  toʻgaraklarida oʻz bilimlarini tengdoshlariga oʻrtoqlashib, fikr almashishmoqda.

Talabalar  turar joyida  har  payshanba  “Qizlar  kuni” deb belgilangan. Sogʻlom avlodni tarbiyalashda keksa yoshdagi soha mutahassislarning boy kasbiy va hayotiy tajribasi, ezgu anʼanalaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilgan.

Ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalarning talaba-qizlari masalasi ham faoliyatimizning asosiy vazifalaridan biri. Ularga muntazam   ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatib, manzilli qoʻllab-quvvatlab boryapmiz. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ota-onasi yoki uning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollar oliy talim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosida viloyat hokimligi tomonidan 17 nafar, institutimiz tomonidan 46 nafar talaba qizlarni shartnoma pullari toʻlab berildi.

Institutmizda talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga labbay, deya javob berayotgan qizlarimiz qator Respublika va Xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelishmoqda. Xususan, Kasbiy taʼlim yoʻnalishining 6-bosqich talabasi Durdonabegim Zaynobiddinova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, Pediatriya fakultetining 6-bosqich talabasi Zebiniso Inakova esa Ibn Sino nomidagi Davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi. Durdonabegimdan yana bir katta xushxabar. Davlatimiz rahbarining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Zaynobiddinova Durdonabegim Sarvarjon qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Biz bundan behad quvondik va faxrlandik. Men barcha ilmga chanqoq, intiluvchan qizlarimni yaxshi koʻraman va ularni qoʻllab-quvvatlayman. Hali bu yildagi muvaffaqiyatlarimizning debochasidir.

Yana shuni ham faxr bilan aytish mumkinki, Andijon davlat tibbiyot institutida 336 nafar ayol professor-oʻqituvchilar bor. Shundan 7 nafari fan doktori, 71 nafari fan nomzodi, 78 nafari ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilardir. Sizlarning erishayotgan yutuqlaringiz menga kuch bagʻishlaydi. Kuni kecha farmakologiya, klinik farmakologiya va tibbiyot biotexnologiyalari kafedrasi mudiri Qurbanova Diloromxon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan 8 Mart – Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Sogʻlom turmush” medali bilan taqdirlandi.

Sizlarning bugungi kunda erishayotgan yutuqlaringiz tibbiyotimiz rivoji uchun xizmat qilmoqda. Katta marralarni egallayotgan talabalarimiz aynan Sizning bergan bilimlaringiz bilan parvoz etishmoqda. Kezi kelganda oʻz oilangizdan-da yoshlarning istiqbolini oʻylab qilayotgan zaxmatli mehnatingiz taxsinga sazovor albatta!

Aziz ayollar, hurmatli hamkasabalar! Sizning taʼrifingizni qancha keltirsak ham oz. Siz bizning iroda kuchimiz, kunlarimizni yorutguvchi chiroqsiz. Siz borki, har yerda fayz bor. Garchi oʻzingizga aytmasak-da, Siz bizning hurmatimizda va ardogʻimizdasiz. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, bahoriy goʻzallik, kasbiy faoliyatingizda esa zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak boʻlsin!

Skip to content Click to listen highlighted text!