
Assalomu alaykum, hurmatli institutimiz jamoasi!
Qadrli professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar, aziz talabalar!
Yurtimizni yashillikka burkab go‘zal bahor fasli kirib keldi. Bu faslda butun borliq uygʻonib, nafaqat tabiatda, balki qalbimizda ham yangilanish, yangi orzu-umidlar barq uradi. Sizlarni shu go‘zal faslda keng ko‘lamda nishonlanadigan, betakror Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Navroʻz bayrami oʻzida azal-azaldan dillarimizga mehr-oqibat, bagʻrikenglik, saxovatpeshalik kabi goʻzal tuygʻularni jo etib, yurtimizga fayz-u baraka, xonadonlarimizga shod-u xurramlikni olib kelishi bilan xalqimiz ongu shuuriga chuqur singib ketgan.
Bu bayramni shukronalik va yaxshi tilak bayrami desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Yoshi ulug‘lar avvalo ko‘klamga qavm-u, qarindoshlar bilan sog‘-omonlikda yetkazganiga shukronaliklar bildiradilar va yil boshida mo‘l-ko‘llik, hosillarga baraka tilab duo qiladilar. Mana shunday ulug‘ va fayzli bayram sizlarga, siz orqali oila aʼzolaringiz hamda barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin deyman!
Barchangizni kasbiy faoliyatlaringizda omad va muvaffaqiyatlar, oilalaringizga tinchlik-hotirjamlik, xonadonlaringizga qut-baraka tilab qolaman. Har kuningiz Navroʻzdek shukuhli va quvonchli boʻlsin.
Navroʻzi olam yana bir bor qutlug‘ boʻlsin, aziz yurtdoshlar!
✍️M.M.Madazimov Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.