alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot institutida viloyat hokimining “Hayot darsi”

17:02 03.10.2019

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shaqbayevich Abdurahmonov talabalar bilan ochiq muloqot qilish maqsadida Andijon tibbiyot institutiga tashrif buyurdi. Viloyat hokimining talabalar bilan uchrashuvi ramziy ma’noda “Hayot darsi” deb nomlandi.

Andijon viloyat hokimi dastlab institut hayoti bilan, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Amaliy mashg‘ulotlar uchun 12 yo‘nalish bo‘yicha to‘la jihozlangan Simuliyatsion o‘quv markazida olib borilayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Talabalar bilan suhbatda bo‘lib shifokorlik sirlarini qay darajada o‘rganishayotganliklari bilan qiziqdi, bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Institutning muhtasham Kengashlar zalida viloyat hokimi ishtirokidagi “Hayot darsi” boshlandi. Dars mavzusi oila va nikoh mustahkamligini ta’minlash masalasiga qaratildi.

Viloyat hokimi o‘z “darsi”da Andijon davlat tibbiyot institutining sobiq talabalari nafaqat respublika, balki dunyoning yetakchi tibbiyot muassasalarida mehnat qilishayotganligini, institutning bugungi talabalari ham o‘z bilim va mahorati bilan institut an’anasini davom ettirishi, sharafiga sharaf qo‘shishi zarurligini ta’kidladi. Viloyatda ta’lim tizimini isloh qilish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, oilalar farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.

Oliygohlarda tahsil olayotgan yigit-qizlar nafaqat oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishi, balki hayot darsidan saboq olib jamiyatning har qanday savoliga javob bera oladigan yetuk insonlar bo‘lishlari zarurligini ta’kidladi. Buning uchun esa eng avvalo intizomga – mashg‘ulotlarga muntazam ishtirok etish zarurligini uqtirib o‘tdi.Viloyat hokimi ayrim ota-onalarning o‘rinsiz “orzu-havasi” bilan qizlarning erta turmushga uzatilayotganligini achinish bilan qayd etdi. Viloyatimiz aholisi juda zich bo‘lganligi uchun oilalarning buzilishi birgina er va xotin uchun emas, balki butun bir oilani parchalanishiga, bolalarni yetim bo‘lishi, atrofga, qo‘ni-qo‘shni – jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hayotiy misollar bilan aytib o‘tdi. Ajrimlar – yosh oilalarni buzilib ketayotganliklariga qaynonalar, qaynisingillar, qayniakalar sababchi bo‘layotganligini achinish bilan aytdi.  Nikohi buzilgan, otasiz yoki onasiz tarbiya topgan, o‘gay ota, o‘gay ona qo‘lida yashayotgan bolalar esa alamzada bo‘lib kamol topishi, bunday insonlar jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay qiynalishi xususida to‘qinlanib gapirdi.

Sh.Q.Abdurahmonov jamiyatning faol qatlami bo‘lgan talaba-yoshlardan oila qurish masalasiga jiddiy e’tibor berishlarini iltimos qildi. Tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassislarga talab yuqori ekanligini e’tirof etib, institut talabalarining kelgusi o‘qish va ishlariga omad tiladi.Talabalar mazmunli va maroqli o‘tgan “Hayot darsi” uchun Andijon viloyat hokimi Sh.Q.Abdurahmonovga minnatdorchilik bildirdilar. Hokim bildirgan ishonchini, qolaversa, ota-onalari, bag‘rikeng xalqimiz, Prezidentimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun butun kuch-g‘ayrati bilan harakat qilishga va’da berdilar.

Andijon viloyat hokimi Sh.Q.Abdurahmonovni institut foyesida bir guruh talabalar qurshab olishdi. Bu joyda ham samimiy muloqot davom etdi. Talabalar viloyat hokimi bilan dildan uzoq suhbatlashdi, yoshlar hayotiga oid turli masalalarni muhokama qilishdi.Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shaqbayevichning “Hayot darsi” institut talabalari uchun eng mazmunli, eng samarali dars bo‘lganligiga ishonamiz.

Odiljon KARIMOV,

ADTI matbuot kotibi

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!