alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abduraxmonovning murojaati: Yurtdoshlarimizdan koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin talablariga qat'iy rioya etishda davom etishlarini so‘rayman!

09:07 18.05.2020

Hurmatli Andijonliklar! 2019 yilning dekabr’ oyida Xitoyning Xubey provinsiyasida aniqlangan yangi koronavirus infeksiyasi (Covid-19) hozirgi kunga kelib dunyodagi barcha mamlakatlarga yetib borib, insoniyatni xatar va xavotirga solayotganligining guvohimiz.
Ayniqsa, ushbu virus bilan kasallanish va uning oqibatida vafot etayotgan fuqarolarning kun sayin ortib borayotgani barchamizdan yanada xushyorlik hamda ogohlikni talab etadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va g‘arbiy yevropa davlatlarida, qanchadan- qancha iqtisodiyoti qudratli bo‘lgan, rivojlangan davlatlarda ushbu virus katta talofatlarga olib kelmoqda hamda hozirda ham bu davlatlarda yo‘qotishlar kamaygani yo‘q.
Koronavirus oqibatida hozirgi kunda dunyoda 4,5 mln. dan ziyod fuqarolar kasallanib, qariyb 305 mingga yaqin odamlar vafot etgani kasallikning naqadar xavfli ekanligidan dalolat beradi.
Ushbu kasallik bilan mamlakatimizda ilk kasallanish mart oyining o‘rtasida kuzatilgan bo‘lsa, hozirga kunga kelib kasallanganlar soni 2 ming 650 nafarga yetdi, kasallik bilan vafot etgan yurtdoshlarimizning soni esa 11 tani tashkil etmoqda. Xususan, viloyatimizda jami 170 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan, shulardan 162 nafari butkul sog‘ayib, reabilitasiyaga chiqarildi.
Muhtaram yurtboshimizning oqilona harakatlari, yaratgan shart-sharoitlari va qat’iy talablari tufayli O‘zbekistonda oxirgi 25 kun davomida kasallanish ko‘rsatkichi keskin pastlab, kasallikdan sog‘ayganlar soni ortdi.
Kasallikning keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida ko‘rilayotgan karantin tadbirlari yurtimizda bir qancha sohalar faoliyatini, fuqarolarimizning jamiyatda erkin harakat qilishlarini chekladi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga va odamlarning turmush darajasiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi, albatta. Karantin tufayli qiynalgan oilalarga keng ko‘lamli moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
Muhtaram yurtboshimizning uzoqni o‘ylab qabul qilgan qarorlari, fuqarolarimizning sog‘ligi va turmush darajasini barcha narsadan ustun qo‘yib, yurtimizda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha bergan topshiriqlari oqilona yechim ekanligini barchamiz tushunib turibmiz. Shu bilan birga davlatimiz rahbari hali karantin choralarining tugamaganligini, faoliyati tiklanayotgan davlat va xususiy korxona, tashkilot va muassasalarda ishni sanitariya-epidemiologiya qoida va me’yorlariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etish, fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlagan holda ishlashlarini ta’minlash, doimiy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar beryapti.
Shuningdek, Prezidentimiz har bir chiqishlarida tibbiy niqobdan doimiy foydalanishni, jamoat joylarida va transportlarda ijtimoiy masofani saqlash lozimligini, zaruriyat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, yoshi ulug‘ otalarimiz va onalarimizni ehtiyot qilishimiz kerakligini ta’kidlamoqda.
Ushbu ko‘rsatmalar asosida viloyatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlarning aksariyati doimiy faoliyatini boshlagan. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha faoliyat olib borayotgan tashkilot, korxona va muassasalarda fuqarolarimiz xavfsizligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, ya’ni, sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishi holatlari va fuqarolarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar qat’iy nazoratga olingan hamda bu borada tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Lekin, ayrim fuqarolarimiz oxirgi 10 kunlik davomida o‘zida erkinlik his etib, karantinni yumshatish tadbirlarini tushunmagan va talablarni buzgan holda ko‘chalarda tibbiy niqobda yurish, o‘zgalar bilan muloqotda bo‘lganda ijtimoiy masofa saqlash hamda zarur bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik kabi karantin talablarini unutib qo‘yishdi. Bular esa har birimizga, oila a’zolarimiz va yaqinlarimizga katta xavf tug‘dirishi hamda o‘ta salbiy holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bilishimiz zarur.
Men, yurtdoshlarimizdan kasallik tufayli joriy etilgan karantin talablariga qat’iy rioya etishlarini so‘rayman hamda quyidagilarni, ya’ni:
-uylaridan ko‘chaga chiqqanlarida, jamoat joylarida (ish joyi, bozorlar, do‘konlar, supermarketlar va boshqa joylarda) harakatlanganda, albatta, tibbiy niqoblarda bo‘lishi;
-ijtimoiy masofani saqlashi;
-zarurat tug‘ilishi bilan qo‘llarni sovunlab yuvishi (yoki antiseptik vositalardan foydalanishi);
-boshqa sanitariya-gigiena talablariga qat’iy amal qilishi;
-isitma ko‘tarilganda, quruq yo‘tal va nafas qisishi kuzatilganda uydan chiqmay tez yordam xizmati (103) yoki hududiy tibbiyot muassasasiga telefon orqali murojaat etishi zarur ekanligini eslatib o‘taman.
Aziz hamyurtlar, har birimizning salomatligimiz o‘z qo‘limizda!

A.Abduraxmanov,
Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!