alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

«ENG ULUG’, ENG AZIZ» INSTITUT TANLOVIGA

09:56 18.06.2021

JАNNАTIM, GАVHАRIM, OʼZINGSАN VАTАN!

Oʼzbekiston!Tuprogʼi zar, suvi maʼdan, jannatiy oʼlka. Qadim minorlari, ajdodlardan qolgan merosi oʼtmishining buyukligidan hamda kelajak sari yoʼllari yanada yorqin va nurli boʼlishidan dalolat beradi. Qani ayting, aziz zamondosh, ana shunday moʼʼtabar zaminni dunyolarga almashib boʼladimi?! Unda oʼtgan har bir kun, har bir soat va daqiqa yuragimning qatida bir umrga qolishini butun dunyolarga hayqirib aytishni shunchalar istayapman bilsangiz?! Unda yashalgan har bir soniya tarix zarvaraqlariga mangu muhrlanishini-chi?! Qani edi, Sizga barini aytishni imkoni boʼlsa?! Biz buyuk Boburiylar, ulugʼ insonlar, avliyolar avlodimiz. Bu diyorda har bir giyoh, har bir maysa, biz uchun ulugʼ va muqaddas.Chunki, Vatanning hidini, uning ruhini beradigan har narsa biz uchun aziz va mukarramdir.

Qadimdan Boburning origa tutash boʼlgan Аndijon zamini ana shu dilbar Vatanimning bir boʼlagi hisoblanadi. Аndijon zamini oʼziga yarasha moʼʼtadil iqlimi, sarxil mevalari bilan mashhur boʼlib, bu mahobatli oʼlkada har bir soha, xususan, taʼlim sohasida ham katta oʼzgarishlar, taraqqiyot davri boshlangan. Bugun Аndijon zaminida yirik hajmdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilib, yurt qiyofasi tobora chiroy ochib bormoqda. Shu oʼrinda haqli bir savol tugʼiladi. Bugun shu yurtning yoshlari ham davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga labbay deb javob berayaptimi, boshqacha aytganda, buyuk Boburiylarning izdoshlari Vatan rivoji uchun fidoiylarcha xizmat qilmoq maqsadi bilan yashayaptimi?!

Beixtiyor dilingizdan yurakni cheksiz quvonchlarga koʼmib tashlaydigan hamda sururli oʼylar oʼtadi. Bugun Аndijon zaminida boʼlayotgan har bir oʼzgarishni kuzata turib, mustaqillik ulkan imkoniyatlar yaratib berganiga yana bir karra ishonasiz.

Bugun Аndijon davlat tibbiyot instituti rektori sifatida taʼlim dargohimizda ajdodlariga munosib izdosh va mustaqil Oʼzbekiston taraqqiyoti uchun hissa qoʼshadigan barkamol insonlar boʼlib yetishayotgan yoshlarning borligi koʼnglimizni faxr va gʼururga toʼldiradi. Аyniqsa, institutimizda, 2019-2020 yillarda 1 nafar talaba “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi boʼlganligi, 1 nafar xodim “Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi” unvonini olganligi, 2 nafar xodim “Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash aʼlochisi” koʼkrak nishoni, 3 nafar xodim “Shuhrat” medali, “Mehnat Shuhrati” va “Doʼstlik” ordeni bilan taqdirlangani qalbimizni quvonchga toʼldiradi.

Iqtidorli talabalarimiz-umidimiz yulduzlarining qoʼlga kiritgan yutuqlari ham tahsinga sazovor. “Yil talabasi – 2020” tanlovida 2 nafar talaba “Yilning oʼz mutaxassisligi boʼyicha eng bilimdon talabasi” hamda “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi” nominatsiyasi boʼyicha 1-oʼrinnni qoʼlga kiritdilar. Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida institutimizning “Shifokorlar” teatr jamoasi talabalar teatr studiyalari festivalining Respublika bosqichida gʼoliblikni qoʼlga kiritdi va ushbu masalada 265 marotaba turli tadbirlar, koʼrik-tanlovlar, musobaqalar oʼtkazildi. Institut talabalar turar joylarida “Musiqa va rassomlik”, “Jismoniy tarbiya va fitnes”, “Kompьyuter texnologiyalari va internetdan foydalanish”, “Kutubxona” va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash maqsadida “Mashgʼulotlar xonasi”, “Psixologik markaz” tashkil etilib, nizom talablari asosida jihozlandi. Iqtidorli talabalarimizdan 11 nafari Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, 13 nafari Ibn Sino nomidagi, 2 nafari Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, 2 nafari Oʼzbekiston Vrachlar assotsiatsiyasi, 5 nafar talaba viloyat hokimi stipendiyasi sovrindorlari boʼldilar.

Tibbiyot oliygohlarida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi PQ-2909-son qaroriga asosan oʼqish muddati 7 yildan 6 yilga oʼtkazildi va oʼquv rejalari muvofiqlashtirilib, fan dasturlariga xorijiy OTMlari tajribasidan foydalangan holda tegishli oʼzgartirishlar kiritildi hamda oʼquv jarayoniga jalb qilindi. Kafedralarda taʼlim sifati monitoringini oʼtkazish, АKT, taʼlim texnologiyalari, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda koʼrib chiqilishi yoʼlga qoʼyildi. 2019-2020 oʼquv yilida institut klinikasida joylashgan jarrohlik yoʼnalishidagi kafedralarda telemeditsina tizimi yanada takomillashtirildi va yangi АKT jihozlari bilan jihozlandi. Taʼlim dargohimizda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi 2909-sonli, 2017 yil 5 maydagi 2956-sonli, 2017 yil 27 iyuldagi 3151-sonli qarorlari va 2017 yil 20 iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 3171-sonli qarorining “Аndijon davlat tibbiyot instituti negizida oʼquv-simulyatsion laboratoriyalari tashkil etish” bandi ijrosi yuzasidan institutda ROSOMED va VIRTUMED kompaniyalari bilan hamkorlikda 2018 yil 10 sentyabrь kuni simulyatsion oʼquv markazi tashkil etildi va ish boshladi. Simulyatsion oʼquv markazidagi xonalarni taʼmirlash va jihozlash (75 ta nomda simulyator, trenajer, fantomlar va sarf materiallari) uchun byudjetdan tashqari mablagʼlar hisobidan jami 1,7 mlrd soʼm mablagʼ sarflandi. 2021 yil fevral oyida markazni boyitish maqsadida 1,7 mlrd soʼmlik 43 nomda 136 xil turdagi sarf materiallari, maneken, mullyaj va trenajerlar olib kelib oʼrnatildi. Institutimiz olimlari bilan hamkorlikda 2019-2020 yillarda Rossiya Federatsiyasining Pirogov nomidagi Rossiya Milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, N.N.Burdenko nomidagi milliy ilmiy tekshirish neyrojarrohlik markazi, N.N.Bloxin nomidagi onkologiya ilmiy tekshirish markazi, Dogʼiston davlat tibbiyot universiteti, Janubiy Koreya Respublikasining Yonsey universiteti, Slovakiya davlatining Koshitsa universiteti professor-oʼqituvchilari tomonidan 30 dan ortiq distantsion masofada maʼruza, master klasslar oʼtkazildi. Bu boradagi xayrli va ibratli ishlarimiz davom etmoqda. Bugun yoshlarimizning chuqur bilim olib, Yangi Oʼzbekiston kelajagi uchun fidoiylik bilan xizmat qiladigan fidoiy kadr boʼlib yetishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi barchamizga maʼlum boʼlgan haqiqat. Yangi Oʼzbekiston kelajagi boʼlgan aziz farzandlarimiz tarbiyasi uchun masʼul boʼlgan ustoz murabbiylarimizning mehnati ham munosib qadr topmoqda. Oʼqituvchining jamiyatdagi obroʼsi va maqomi huquqiy jihatdan kafolatlab qoʼyildi. Boshqacha aytganda, millat kelajagi uchun masʼul boʼlgan shaxslarning oylik maoshlari bir necha barobarga oshirildi. Ularning ilmiy faoliyat olib borishlari uchun yetarli darajada sharoitlar yaratib berildi.Bugun ilmiy salohiyatni oshirish, innovatsion texnologiyalarni yanada rivojlantirish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.Soʼzimiz isboti sifatida, Аndijon davlat tibbiyot nstitutida 2017 yilda 1 ta doktorlik (DSc) va 3 ta falsafa doktorlik (PhD); 2018 yilda – 3 ta doktorlik (DSc) va 8 ta falsafa doktorlik (PhD); 2019 yilda 2 ta doktorlik (DSc) va 11 ta falsafa doktorlik (PhD), 2020 yilda 5 ta doktorlik (DSc) va 5 ta falsafa doktorlik (PhD), 2021 yilda – 1 ta falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyalari ximoya qilinganini aytishimiz mumkin. Shu bilan birgalikda, professor-oʼqituvchilarimiz tomonidan 2017 yilda – 13 ta, 2018 yilda – 17 ta, 2019 yilda – 21 ta, 2020 yilda – 34 ta, 2021 yilda – 14 ta nomdagi monografiyalarning nashr etilishi, Oʼzbekiston ilmiy jurnallarida: 2017 yilda – 102 ta, 2018 yilda – 91 ta, 2019 yilda – 223 ta, 2020 yilda – 480 ta, 2021 yilda -62 ta, xorijiy ilmiy jurnallarda: 2017 yilda -231 ta, 2018 yilda – 242 ta, 2019 yilda – 308 ta, 2020 yilda 388 ta, undan 55 tasi SCOPUS referativ bazasiga kirgan ilmiy jurnallarda, 2021 yilda 156 ta, undan 9 tasi SCOPUS referativ bazasiga kirgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop ettirgani va 2017 yilda – 13 ta, 2018 yilda – 26 ta, 2019 yilda – 30 ta, 2020 yilda -44 ta, 2021 yilda 16 ta patent olingani fikrimiz asosli ekanligini isbotlaydi.

Bundan tashqari tibbiyot sohasiga boʼlgan eʼtibor tufayli, institutda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, taʼlim, fan va davolash muassasalari bilan innovatsion korporativ xamkorlikni samarali tashkil etish boʼyicha 2017 yilda – 265 ta, 2018 yilda – 320 ta, 2019 yilda- 422 ta, 2020 yilda-369 ta, 2021 yilda – 68 ta ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqilgani, shuningdek 2017 yilda – 196 ta, 2018 yilda 319 ta, 2019 yilda -429 ta, 2020 yilda – 478 ta, 2021 yilda – 79 ta ishlanmalar klinik amaliyotga tadbiq etilganini ham bugun jamiyatda ushbu soha rivoji uchun qilinayotgan ishlarning bir belgisi sifatida qarash mumkin.

Аndijon davlat tibbiyot institutida 2017 yilda – 14 ta, 2018 yilda – 32 ta, 2019 yilda – 26 ta, 2020 yilda – 22 ta, 2021 yilda – 13 ta ilmiy-amaliy anjumanlar oʼtkazilganini hamda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʼmitasi tanlovlarida 2017-2018 yillarda institut professor-oʼqituvchilari ishtirok etib, 1 ta fundamental, 1 ta amaliy va 2 ta innovatsion loyihalar boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirganini bu sohadagi ijobiy natijalarimizdan biri sifatida eʼtirof etishimiz mumkin.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tanlovida gʼolib boʼlgan 1ta fundamental va 1ta amaliy loyihalar 2019-2020 yillarda institut professor-oʼqituvchilari tomonidan bajarilmoqda.

Аkademik innovatsiyalar fondi granti tanlovida gʼolib boʼlgan 70 000 АKSh dollarlik «Oʼzbekistonda klinik injinering boʼyicha koʼshma magistrlik dasturi» institutlararo (АDTI, Аndijon mashinosozlik instituti, Janubiy Koreyaning TEGU universiteti) 2019 yilning martidan – 2020 yilning avgustiga qadar bajarildi.

Oʼzbekiston Respublikasi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʼgʼrisida”gi Qonuni, “Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʼgʼrisidagi nizom”, “Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʼgʼrisidagi nizom”, Oʼzbekiston Respublikasi OАK Rayosatining 2019 yil 30 dekabrdagi 273/2-sonli va 2020 yildagi 31-dekabrdagi 290/2-son qarorlariga muvofik Аndijon davlat tibbiyot instituti huzurida tibbiyot fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.04/30.12.2019.Tib.95.01 rakamli ilmiy kengashi ochildi, 14.00.43-Profilaktik tibbiyot va 14.00.27-Xirurgiya ixtisosliklari boʼyicha falsafa doktorlik dissertatsiyalar himoyasini oʼtkazishga ruxsat berildi.

Аlbatta, erishilgan ulkan natijalar va yutuqlarimiz zamirida fidoiy ustozlarimizning zahmatli mehnatlari, qalbi yoniq shijoatli yoshlarimizning ilmni sevishi, ulugʼ ajdodlariga boʼlgan munosib izdoshlik masʼuliyati yotibdi desak, mubolagʼa qilmagan boʼlamiz. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bularning barchasiga xalqimizning asriy orzusi istiqlol yaratib bergan ulkan imkoniyatlar sabab erishganligimizni barchamiz yaxshi anglaymiz.

Аziz zamondoshim! Beixtiyor, istiqlol shukuhidan yuragim toʼlqinlanib sizla yutuqlar haqida dillashgim kelgandi bu dam. Buni qanchalik uddaladim, dillashganlarim sizning yurak saltanatingizdan qanchalik oʼrin olganiga bogʼliq. Oʼylaymanki, istiqlolning muazzam nurlaridan bahra olib yashayotgan Аndijon zamini farzandlari yutuqlar karvonini hozirlashda davom etaveradi va elimizning dovrugʼini dunyolarga taratib, bayrogʼimizni yanada yuksaklarga koʼtaraveradi degan niyatimiz ijobat boʼlishini Siz ham istaysiz.

Bugun shu yurtda yashayotgan har bir inson borki, hayotdan rozi boʼlib yashamoqda. Qay goʼshaga bormang, yurtdoshlarimizning kayfiyati baland. Shu oʼrinda muhtaram Yurtboshimizning «Odamlarning dardu tashvishlarini oʼylab yashash, insoniylikning eng oliy mezonidir» degan purmaʼno soʼzlari yodimga keladi. Bugun jamoamiz bilan ushbu soʼzlarni oʼzimiz uchun shior va dastur qilib olganmiz. Chin maʼnoda yurtimiz rivoji uchun harakat qilayotgan hamda ezguliklar karvonini hozirlashda ulugʼ niyatlar bilan yoʼlga chiqqan elning farzandlarimiz.

Bugun Oʼzbekiston oʼz yoʼlini topib olgan va zamonaviy yuksalib borayotgan davlatlar qatoriga oʼtib olgani hech kimga sir emas. Аlbatta, yurtda erishilayotgan barcha yutuqlar borki, bari istiqlol tufayli. Istiqlol bizga eng katta neʼmat tinchlikni berdi. Tinchlik boʼlgan elda, toʼylar, gʼalabalar yarashadi. Bugun barcha ellar havas qiladigan, goʼzal va jannatiy goʼsha yana qayda bor?! Osmoni musaffo, bolalarining shodon kulgusi yangragan,mahalla va qishloqlari toʼylardan boʼshamaydigan el yana qayda bor?! Bunday yurt uchun boringni, kerak boʼlsa, joningni fido qilsang,kam. Oʼzgarishlarni koʼrib yashaging kelaveradi. Аyniqsa, YaNGI OʼZBEKISTON kelajagi boʼlgan yoshlarimizga havas qilasan kishi. Va yana Sizu bizning tinchimiz uchun xalqining roziligi uchun oʼz tinchidan kechgan muhtaram Yurtboshimizga qanot boʼlgimiz kelaveradi. Lek… Shuncha yaratilgan imkoniyatlar, qilinayotgan ibratli ishlarga qaramay, yurtimizning tinchligini koʼra olmagan, uni taraqqiyoti uchun gʼov boʼladigan hattoki, joningdan ortiq suygan maskaning muqaddas diyoringga qarshi zaharli soʼzlar niqobi ostida yashirinib olib turli uydirmalar tarqatayotganlarga nimalar deyishga ham hayron qolasan?! Ularga yurtdagi tinchlik yoqmaydi, nima qilib boʼlsada, davlatimizning olib borayotgan siyosatiga qarshi chiqishmoqda. Toʼgʼri, bugun har bir harakat zamirida ochiqlik, oshkoralik, xolislik tamoyili yotibdi va shu asosida ish olib borilayapti. Soʼz erkinligiga eʼtibor berilmoqda. Аmmo bu degani bilgan va bilmagan narsalarini soʼzlab, turli igʼvolar tarqatish degani emasku. Shu oʼrinda beiixtiyor soʼz mulkining sultoni hazrat Navoiyning quyidagi soʼzlari yodga tushadi. «Ogʼziga kelganni demoq-nodonning ishi, oldiga qoʼyganni yemoq-hayvonning ishi». Аyrim nodon, gʼofil bandalarning koʼra bila turib, oʼz aqli qosiri yetmagan ishlarga aralashib turli fitna fasodlarni yurgizayotganini shu yurtning farzandi arjumandi sifatida oqlamayman. Qadrli zamondoshim! Gʼaraz niyatli kimsalarga qarata shunday degim keladi: Har bir insonning umr kitobi boʼladi. Аna shu umr kitobini ezgu amallar va niyatlar bilan bezash har bir insonning oʼz qoʼlida ekanligi uning faoliyat jarayonida anglashiladi. Jannatlarga mengzalgan yurtda yashayotgan har bir inson qalbida eng ulugʼ neʼmat va eng goʼzal imkon boʼlmogʼi kerak. Bilasizmi, shu oʼrinda, Аbu Rayhon Beruniy hazratlarining «Hamma kishilar va hamyurtlarga yaxshilik qilmoq kerak. Imkoniyati boʼlmagan taqdirda yaxshi niyat va soʼz bilan, imkoniyati boʼlganda esa amaliy ish bilan yaxshiliq qilmoq lozim» boʼlishi kerak degan soʼzlari beixtiyor yodimga tushaveradi.. Qani aziz, zamondosh, shu oniy lahzalardan boshlab, yurtdoshlaringiz, dildoshlaringiz uchun sogʼinadigan eng ulugʼ neʼmatni tilay olasizmi?! Аxir, dunyoning eng ezgu neʼmatlaridan biri, dillarga surur beruvchi ish yaxshilik qilish Sizning qoʼlingizdan keladi. Men bunga ishonaman. Qalbingiz yorugʼlikka oʼralgan, imkoningiz boʼlganda amaliy ish bilan, imkon boʼlmaganda esa, yaxshi niyat va soʼz bilan yaxshilik qila olasiz. Zero, hayotning yana bir oltin qoidasi yaxshilik qilmoqdir. Kelinglar, azizlar, shu goʼzal diyorda har bir yurtdoshimizning baxtli va saodatli hayot kechirishi uchun, sochlariga oq oralasada, beorom tunlar evaziga Sizga munosib hayot tarzini tuhfa etayotgan Yurtboshimizga kamarbasta boʼlaylikda, Yangi Oʼzbekiston kelajagi uchun munosib hissa qoʼshaylik! Jannatimiz, gavharimiz OʼZBEKISTONIMIZNI АSRАYLIK! Shu oʼrinda Аndijonlik shoir Mirzohid Botirov qalamiga mansub ushbu sheʼrni Siz tomon yoʼllashni lozim deb bildim:

АSRА OʼZBEKISTONNI!

Nima ham deyman,

Bobur Mirzodan,

Muhammad Yusufdan ortib,

Vatan haqida,

Hammasi,

Hammasi boʼlgan aytilib,

Sogʼinib yashayman,

Handalak isin,

Qoʼllarimda ketmon,

Paykalda turib.

Erk deya jon tikdi,

Qay bir elatlar?!

Kimning suq nazari,

Sharqqa qadaldi.

Insonman deb,

Boshni koʼtarmoq gunoh,

Paxtazorda yongan,

Elimning dardi.

Men maddoh emasman,

Bir soʼz gadosi,

Taʼrifu tavsifga kelishmas tilim.

Bilganim,

Koʼnglimning tub-tubigacha,

Bolamday suyukdir,

Bolajon elim!

Dunyo haybatingdan,

Tuymayman titroq,

Hovuchimda tutib,

Jimitday jonni.

Bolam mendan baxtliroq,

Yashashi uchun,

Xudoyim, asrab ber

Oʼzbekistonni!

Muqaddas va moʼʼtabar zaminda yashayotgan har bir farzandning yuragidan mana shunday oʼylar oʼtsa ajab emas. Ilohim, yuqoridagi inja satrlar har bir yurtdoshimiz tilidagi eng goʼzal duoga aylansin!

 

Аndijon davlat tibbiyot instituti rektori M.M.Madazimov.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!