alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

HАYOT YOʼLLАRIMDА TАYANCHIM VАTАN!

20:49 19.06.2021

Kim oʼz yurtini sevmasa,

U hech nimani seva olmaydi.

Jorj Bayron

 

Vatan ostonadan boshlanadi. Vatan ilk bora chaqaloqligingda yigʼlagan chogʼingda koʼz yoshlaring toʼkilgan zamin, muqaddas maskan. Murgʼak goʼdak bokira koʼzchalari bilan bu dunyo sehriga hayron boqar ekan, alla deb atalmish qoʼshiqni butun vujudiga, shuuriga singdiradi. Аna shu sehrga oshufta boʼlib oʼsgan koʼngillar bir umr Vatanni sevish, ardoqlash hissi bilan yashaydilar. Shu oʼrinda beixtiyor vatanparvarlik haqida, Vatanni asrash, uni ardoqlash haqida toʼlib toshib aytging kelaveradi.

Vatanparvarlik–inson maʼnaviyatining gultojidir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganidek: – “Vatanparvarlik har bir davlat hayotining maʼnaviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon boʼladi.» Vatan ozodligi uchun jonini fido qilgan Toʼmaris, Shiroq, Spitamen, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari xalqimizning mard va jasur farzandlari biz uchun, oʼsib kelayotgan yosh avlod uchun oʼrnak-namuna timsolidir. Masalan, bobomiz Najmiddin Kubroning oʼchmas jasoratini eslaylik. Bu jasorat zamirida ona Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat tuygʼusi yotadi. Oʼz davrida “Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq — mening oʼlimim, sening uchun oʼlmoq – mening tirikligimdur”, deb yozgan edi Fitrat. Bu soʼzlarda vatanparvar insonning qalb nolalari ifodasini topgan. Oʼsib kelayotgan yoshlarni, yaʼni Vatanimizning boʼlgʼusi himoyachilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash- davr talabi. Vatanparvarlik insonning oʼz oilasiga, avlod-ajdodlarining or-nomusiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga va oʼz soʼziga sodiqligidir. Аgar insonni bolalik chogʼidan oʼz xalqiga, uning anʼanalariga, tili va madaniyatiga muhabbat hamda hurmat ruhida tarbiya qilmasak, unda vatanparvarlik hissi boʼlmaydi. Vatan hissi insonga Vatanidan olisda boʼlganida yaqqol seziladi. Turli sabablar bilan oʼzga yurtlarda yashagan koʼplab vatandoshlarimizning hayoti ayanchli va qaygʼuli kechgani bizga tarixdan maʼlum. Buning ifodasini buyuk saltanat egasi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida ham koʼramiz. Boburning oʼzining taʼrificha, «Jaloyi Vatan boʼlmoqlik»(Vatandan judo boʼlish) azobiga u 1498 yilda giriftor boʼladi. Bobur barcha imkoniyatlarga ega boʼlishiga qaramay, tugʼilib oʼsgan Vatanidan olisda boʼlgani uchun oʼzini hech qachon baxtiyor inson deb hisoblamaydi. Bir umr Vatan sogʼinchi bilan yonib yashaydi. Shu oʼrinda Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayhning “Insonning xor – u zor boʼlishi uchun Vatani va yaqinlardan ayrilishning oʼzi kifoya!”, – degan soʼzlarini keltirishni joiz deb bildim. Bu soʼzlar bugungi kunda Vatandan olisda kimlanidir yolgʼon-yashiq gaplariga oʼzini qondirib yashayotgan, kamiga osoyishta yashayotgan sofkoʼngilli xalqimizni chalgʼitayotgan, mol-dunyo ketidan quvib yashayotgan ayrim yurtdoshlarimizga qarata aytilgandek. Oʼshanday tuban kimsalar, toʼgʼri yoʼldan adashgan maʼnaviyatsiz insonlar ming afsuski, uchrab turadi. Mamlakatimizda soʼnggi yillarda soʼz erkinligi va jamiyatda ochiqlik taʼminlanayotgani odamlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali erkin fikr yuritishida oʼziga xos oʼzgarishlarni yuzaga keltirdi. Bu jarayonda ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan maʼno-mazmuni, manzili aniq murojaatlar mutasaddilar tomonidan oʼrganilib, imkon darajasida ijobiy yechim ham topayapti. Аfsuski, guruch koʼrmaksiz boʼlmaydi, deganlaridek baʼzi vatanfurushlar tomonidan ayrim noxushlik yoki tushunmovchiliklar ijtimoiy tarmoqlarda boʼrttirib, kuchaytirib koʼrsatilayotgani shu yurt, shu Vatan farzandi boʼlgan har bir insonni oʼyga toldirmoqda. Ishonuvchan, soddadil yurtdoshlarimizni chalgʼitmoqda.

Ularning bunday gʼarazli “saʼyi-harakatlari” ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarini vahimaga, sarosimaga solib qoʼyyotgani achinarlidir.

Soʼz erkinligi asosida ijtimoiy tarmoqlar orqali turli ijtimoiy muammolar yoritilayotgani yaxshi, ammo soʼz erkinligi kimnidir ayblash, hur fikrlashni suisteʼmol qilish, degani emas. Yoshlarimizni, ayniqsa mahallalardagi uyushmagan yoshlarni shu aziz Vatanda oʼtayotgan har bir kuniga shukrona qilib yashashga oʼrgatish-ziyoli qatlam vakillari zimmasidagi ulkan vazifa hisoblanadi. Vatanning kelajagi uchun barchamiz masʼul ekanmiz, yurt oldidagi farzandlik burchimizni unutmaylik! Vatan ravnaqi va uning yorqin kelajagi uchun kurashmoq vijdon amriga aylansin. Vatan Onaga mengzaladi, Onaga xiyonat qilishga esa, hech kimning haqqi yoʼq!

 

Аndijon davlat tibbiyot instituti

Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori M. Botirov

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!