alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ISLOHOTLARIMIZNI YANGI BOSQICHGA KO‘TARISHIMIZ ZARUR

19:10 21.12.2022

Prezidentimizning kuni kecha Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish bilan kutib oldi. Unda turli sohalar kabi taʼlimning barcha bosqichlari bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab berildi. Murojaatnomada muammolarning ro‘yi rost ko‘tarilganligi, ularning tugal yechimi borasidagi qatʼiy vazifalar belgilab berilgani yurt istiqboli sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi.

Avvalo, shuni taʼkidlashimiz kerakki, Murojaatnomada jamiyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalari qamrab olingan. Jumladan, unda muhtaram Prezidentimiz fan, taʼlim va tibbiyot tizimiga taalluqli bir qator strategik yo‘nalishlarni belgilab berdilarki, undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yangilanayotgan jamiyatimizning taʼlim siyosati mazmun-mohiyatini yana-da chuqurroq anglashini taqozo qiladi.

Prezidentimiz kirib kelayotgan 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”  deb nom berishni taklif qildilar. Eʼtibor qaratsak, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlash ustuvorligini ko‘ramiz.  Bu siyosat bir yil bilangina cheklanib qolmasdan tizimli ravishda davom etayotgani barchamizga ayon.

Mamlakatimiz rahbari: “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz,” – deya, alohida taʼkidlab o‘tdilar.

Ayniqsa, bebaho boyligimiz – inson salomatligiga eʼtiborni kuchaytirish, tibbiyot tizimini takomillashtirish borasida qo‘ygan vazifalari tibbiyot tizimi uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Institutimiz professor-o‘qituvchilar jamoasi doimiy o‘qib-o‘rganishda, ilmiy izlanishda. Dorishunos olimlar bilan suhbatlar, xorij tajribasini o‘rganish, chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlik natijalari o‘z ijobiy samarasini bermoqda.

Taʼlim muassasamizda iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Yakunlanayotgan yildagi natijalarni sarhisob qiladigan bo‘lsak,  xorijiy oliygohlardan 47 nafar professor-o‘qituvchilar taʼlim jarayonlariga jalb qilindi. Umumiy qiymati 2.7 milliard so‘m miqdordagi 4 ta milliy;  158 ming yevro miqdordagi 2 ta xalqaro loyihalar ishga tushirildi.

Professor o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarning 32 ta darsligi,  112 ta monografiya va 199 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanmalari chop etildi. 5 nafar fan doktori (DSc) va 48 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlandi. Izlanishlar samarasi o‘laroq, 76 ta patent,  7 ta ixtiro va 4 ta foydali modellar uchun guvohnomalar olindi. Shu bilan birga yuqori reytinglarga kiruvchi  jurnallar (Scopus)da  84 ta va respublika jurnallarida 766 ta eʼlon qilingan maqolalar ilmiy doira vakillari tomonidan alohida eʼtirofga sazovor bo‘lganini ham aytish joiz.

Talabalarimiz orasida  Zulfiya davlat mukofoti, nomdor stipendiyalar sohiblari, “Uchinchi renessans – yoshlar nigohida” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari borligi bizni yana-da masʼuliyat va shijoat bilan ishlashga undaydi. Xalqaro OTM lari o‘rtasidagi fan olimpiadalarida 14; respublika OTM lari o‘rtasidagi fan olimpiadalarida 56 nafar talaba g‘oliblikni egallagani ham mehnatlarimiz mevasi ekanligidan dalolat beradi.

Izlanishlarimizning davomiyligini taʼminlash maqsadida 2023-yilda 2800 yevro miqdordagi 3 ta xalqaro loyihani amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz.

Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun talabi har kuni izlanish, yangilik yaratishdir. Shundagina xalqimiz hayoti yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Tizimga malakali kadrlar ehtiyoji sezilyapti. Dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan turli yuqumli kasalliklar, u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yana-da xushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Prezidentimiz: Xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yana-da kengaytiramiz. Avvalo, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tishni tezlashtiramiz. Kelgusi yili bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi,”- deya taʼkidlangani biz, tibbiyot sohasiga malakali kadrlar yetishtirib beruvchi oliy taʼlim muassasalari jamoasiga katta vazifalar yuklaydi.

Murojaatnomani televideniye orqali 1 ming 300 dan ziyod jamoamiz vakillari bilan birgalikda ko‘rdik. Faoliyat olib borayotgan sohamiz taʼlim va tibbiyot bilan uyg‘unligi zimmamizdagi masʼuliyatni ikki karra oshiradi. Kelgusidagi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqar ekanmiz, har birimiz g‘ayrat-shijoat bilan astoydil mehnat qilishga kelishib oldik.

Oz mulohazalarimni muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomada keltirilgan quyidagi fikrlari bilan yakunlamoqchiman: “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga, albatta, yetamiz.  Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tan-u, bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni, albatta, barchamiz birgalikda bunyod etamiz”.

 

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori,

tibbiyot fanlari doktori, professor Madamin Madazimov.

 

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!