(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

MADHIYAMIZ – G’URURIMIZ  TIMSOLI

15:16 10.12.2020

Madhiya – qalbida o‘z Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Bu milliy timsolda xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, ziynati, orzu-o‘yi, maslak-maqsadi mujassam.
O‘zbekiston davlat madhiyasi yangraganda, “Serquyosh” so‘zi jaranglashi bilan butun vujudimizda ajib entikish, dilimizda cheksiz iftixor tuyg‘usini his etamiz. Chunki unda yurtimiz tarovati, buyuk kelajak barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xalqimizning orzu-intilishlari, O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, hech kimdan kam bo‘lmay, kelajakka qat’iy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azmu shijoati aks etgan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
1992-yil 10-dekabr tariximizga mustaqilligimizni mustahkamlash davrining muhim voqeligi sodir bo‘lgan kun sifatida kirdi. Bilasiz, ushbu sanada O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilindi. Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va tadbirkorlikka ruh bag‘ishlashga xizmat qiladigan istiqlol ramzidir.

O’zbek tili va adabiyoti kafedrasida “Madhiyamiz – g’ururimiz timsoli” mavzusida tadbir mazmunli tashkil qilindi. Talabalar zo’r ishtiyoq bilan davlat  madhiyasini barilla kuyladilar. Davlat madhiyasiga bag’ishlangan taqdimotda qiziqarli va mazmunli lavhalar namoyish etildi.
… Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi. Demak istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.

M.Qo’ziboyeva

O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri