“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Andijon shahridagi 49-maktabning 10-, 11-sinf o‘quvchilari Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdilar. Tashrif maktabning profilaktika inspektori kapitan Bekmirza Xudayberdiyev va sinf rahbari Nilufarxon Hakimova tashabbusi bilan tashkil etildi. 50 dan ziyod o‘quvchilarning tashrifi professor-o‘qituvchilarni tabriklash, institut hayoti bilan tanishish bilan birga, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga mehr uyg‘otish, turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolishlarini oldini olish maqsadida tashkil etildi.
Maktab o‘quvchilarini institut rektori Madaminjon Madazimov samimiy kutib oldi va institut tarixi, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, institut jamoasi erishayotgan yutuqlar haqida faxr bilan so‘zlab berdi. Bolalarcha beg‘uborlik ila qiziqish bilan tashrif buyurgan o‘quvchilarga esdalik uchun institut professor-o‘qituvchilari tomonidan chop ettirilgan kitoblardan sovg‘a qildi.
Shundan so‘ng, o‘quvchilar institutning Simulyatsion o‘quv markazi, kompyuter markazi, Axborot-resurs markazi, muzeylari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida kelajakda shifokorlik kasbini tanlashga qaror qilgan o‘quvchilar ham bo‘ldi.
Qiziqarli va taassurotlarga boy tashrif yakunida profilaktika inspektori kapitan B.Xudayberdiyev va sinf rahbari N.Hakimova institut jamoasiga o‘quvchilar nomidan minnatdorchilik bildirdilar.
ADTI Axborot xizmati