alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Ta’lim tizimi xodimlari faoliyatining huquqiy asosi

08:10 06.10.2020

Alohida e’tirof etish kerakki, mamlakatimiz ta’lim tizimida tub islohatlar amalga oshirilmoqda. Bu bejizga emas. Chunki shiddatkor davr bizdan shuni talab etmoqda – umumiy, o‘rta maxsus, oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarish va yangiliklar davr talabi asosida yuzaga kelmoqda. Joriy yilning 23-sentabrida qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun mana shu o‘zgarish va yangiliklarni o‘zida aks ettirdi.
Mazkur qonun 1997 yildan buyon amal qilib kelayotgan eskirgan “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi Qonunlarni almashtiradi.
Yangi qonunning asosiy farqlari shundan iboratki, avvaol ta’lim olish shakllarining tasnifi kengaytirildi. Ya’niy, ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy); nazariy – ta’lim tashkiloti negizida, amaliy – ta’lim oluvchining ish joyida birga olib boriladigan dual ta’lim; oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish; katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish; jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun inklyuziv ta’lim; eksternat tartibidagi ta’lim – o‘quv dasturlarini mustaqil ravishda o‘zlashtirishni o‘z ichiga olib, uning yakunlari bo‘yicha ta’lim oluvchilardan davlat ta’lim muassasalarida yakuniy va davlat attestatsiyalaridan o‘tish; mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari ham shakllantirilishi mumkinligi belgilandi.
Bundan tashqari,  o‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda 9 yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshirilishi o‘quvchining kasb-hunarli bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etadi.

Professional ta’lim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratildi. Yangi Qonunga ko‘ra oliy ta’limdan keyingi ta’limni oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda olish mumkin.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o‘rganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni ta’minlaydi.
Qonunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi.
Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshirilsada, Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilishi belgilab qo‘yilgan.

Ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish barcha talabgorlar uchun ta’lim olishga doir teng imkoniyatlarning ta’minlanishi prinsipi asosida amalga oshiriladi, shaxslarning ayrim toifalari bundan mustasno, ularga qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar berilishi mumkin.
Ayrim ta’lim tashkilotlariga (oliy ta’lim muassasalariga, akademik litseylarga, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar va boshqalarga) o‘qishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari Prezident tomonidan belgilanadi.
E’tiborli jihati, Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish chog‘ida imtiyozli kontingent uchun qo‘shimcha qabul parametrlari belgilanadi.
Yangi tahrirdagi Qonunda ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarining huquqiy maqomiga ko‘proq etibor qaratilgan. Pedagogik xodimlar, ta’lim oluvchilar, ularning ota-onalari va boshqa qonuniy vakillarining huquqlari, majburiyatlari, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlari batafsil belgilangan.
         Bundan tashqari  davlat ta’lim standartlari va talablari, o‘quv jarayoniga o‘quv rejalari va dasturlarini, ta’lim sohasiga eksperimental va innovatsion faoliyat ta’limni joriy etish bilan bog‘liq masalalar tartibga solingan.
Joriy yilning 23-sentabrida qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimiz ta’lim tizimi xodimlarining faoliyatini yanada samarali bo‘lishiga huquqiy asosdir. Shuning uchun barcha pedagog xodimlar yangi Qonun bilan batafsil tanishib chiqishlari zarur.

Q.Yusupov,

ADTI o‘quv bo‘limi boshlig‘i

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!