Men faxr bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyotchilari dunyo miqyosidagi nufuzli tibbiy muassasalarning mutaxassislari bilan tengma-teng faoliyat olib bormoqdalar. Mamlakatimiz professor-o‘qituvchilarining xorijiy ta’lim muassasalarda o‘qiyotgan ma’ruzalari alohida e’tirof etilmoqda. Jumladan, Andijon davlat tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilari ayni paytda xalqaro miqyoda o‘z nufuziga ega bo‘lishdi. Institutimiazning xalqaro hamkorlik aloqalari samarasi bilan men joriy yilning 8 oktyabridan 12 oktyabrigacha Rossiya davlatining Sank-Peterburg shahrida bo‘ldim. Sank-Peterburg Davlat universiteti va I.I.Mechnikov nomidagi Sank-Peterburg davlat universitetining faoliyati bilan tanishdim, o‘zaro tajriba almashdik.
Shuni mamnuniyat bilan aytib o‘tamanki, universitetlarning rahbariyatlari tomonidan juda samimiy kutib olindim. Universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari bilan ikki tomonlama foydali rejalar tuzib oldik. Mazkur reja asosida 122-sonli L.G.Sokolov nomidagi klinik shifoxonada SDU meditsina fakulteti 4- va 6-kurs talabalarning fakultativ va gospital xirurgiya darslari bilan tanishdim, operatsiya jarayonlarini kuzatdim va ishtirok etdim. Talabalar bilan uchrashuv davomida ularning O‘zbekiston, go‘zal Andijonimiz, institutimiz haqidagi savollariga atroflicha javob berdim.
Dars jarayoni bilan tanishar ekanman, talabalarning operatsiya jaryonida ishtirok etishi, xirurgiya sikllari tugaganidan so‘ng alohida sinovdan va umumiy imtihondan o‘tishlariga alohida e’tibor qaratdim. 6-kurs talabalariga “Постхолецистоэктомик синдром” mavzusida dars berdim.
I.I.Mechnikov nomidagi universitet klinikasida fakultativ jarrohlik kafedrasi joylashgan. Mazkur kafedra o‘quv va ilmiy ishlari bilan atroflicha tanishdim. Institutimiz talabalari uchun zarur bo‘lgan adabiyotlarning elektron shakllaridan oldim, turli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalari bo‘yicha kelishib oldik.
Safarim davomida fakulteti jarrohlik fanidan ikki universitet talabalar uchun 2 marta ma’ruza o‘qidim. Ma’ruzalarim “Современные проблемы диагностики, профилактики и лечения желчнокаменой болезни” va “Острыий перитонит, этиопатогенез, диагностика, дифференциал диагностика, современная тактика лечения” mavzularida bo‘ldi. Talabalar ma’ruzalarni qiziqish bilan qabul qildilar va o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi. Ma’ruzalarimda kafedra professori Filenko Boris Petrovich va t.f.n. Namazov Behzod Bedullayevlar ishtirok etishdi. O‘qilgan ma’ruzalarim uchun universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma berilishi meni juda mamnun etdi.
Safarim chog‘ida Aleksandrovskiy nomidagi klinik shifoxonada ham bo‘ldim. Professor Levin Leonid Aleksandrovich ko‘magida shifoxona bo‘limlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdim. Ko‘plab operatsiya jarayonlarini kuzatdim va ishtirok etdim.
Rossiya davlatining Sank-Peterburg shahriga qilgan safarim davomida universitetlarning olim va professorlari bilan atroflicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, malakali mutaxassis, professor Akimov Vladimir Pavlovichning institutmizga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldik. Ishonamanki, bizning bu hamkorligimiz ikki davlat tibbiyot sohasini rivojlantirishda katta samara beradi.
Yuldashali Egamov,
ADTI umumiy xirurgiya kafedrasi professori