alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

TIBBIYOTNI  SAN’AT  DEB BILGAN INSON

09:57 03.01.2020

Shifokorlik nafaqat  burch, balki  san’atdir. Bemorni dori-darmon, turli muolaja, shirin so‘z va o‘z shaxsiy namunasi bilan davolash  insondan  katta mahorat va mas’uliyat talab etadi.  Qahramonimiz – tibbiyot fanlari  doktori, professor Zuhriddin Salohiddinov  shifokorlikni ana shunday san’at maqomiga ko‘tarolgan insonlardan biri.

Z.Salohiddinov 1971-yili Andijon davlat tibbiyot institutini imtiyozli tamomlagan. Institutni bitirish arafasida o‘sha davrda Davlat stipendiasiga sazovor bo‘lgan. O‘z bilimi, iqtidori va notiqlik san’ati  va salohiyati bilan  barchani lol   qoldirgan  talaba bo‘lgan.
”Qiz o‘ssa – uyning, yigit o‘ssa  – elning ko‘rki” deganlaridek,  bo‘lg‘usi shifokorning kamoliga  hammaning havasi kelardi.  O‘shanda u hayotda o‘z o‘rnini topish, shifokorlikdek muqaddas kasbni puxta egallash, ulug‘ ustozlari  izidan borib, ularga munosib shogird bo‘lish  niyatida yakdil bo‘ldi. Tinimsiz o‘z ustida ishladi. O‘qib-o‘rgandi.  Bu yo‘lda unga  shifokor va ijodkor  inson Sayfiddin Yunusov ustozlik  qildi. Undagi ijodkorlikka   havas ustozidan o‘tgan bo‘lsa ajab  emas. Ustozidagi  jamiki yaxshi fazilatlarni  o‘zlashtirib,  o‘rganganlarini o‘zgalarga o‘rgatish, bilim va tajribalarini etkazish, tibbiyotning asl mohiyatini  anglash va anglatish, el salomatligini muhofaza qilish  yo‘lida  tinimsiz mehnat qildi.

Bugun  qaysi mavzuda bo‘lmasin siyosatmi, ma’naviyatmi yoki tibbiyotmi  u o‘z mustaqil fikri va mulohazasini bildira olishi bilan  keng jamoatchilik oldida obro‘-e’tibor topgan.  Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga  chuqur tayyorgarlik ko‘radi. Mavzuga teran yondoshib, mazmun-mohiyati ichiga kirib boradi. Katta ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga o‘z vaqtida  hozirjavoblik ,  qalb  qo‘ri, vijdon amri  bilan   javob qaytaradi. tibbiyotni  zamon talablari darajasida  rivojlantirish, yangilik va innovatsiyalarga e’tibor  qaratish, bilimli va izlanuvchan yoshlarni  qo‘llab- quvvatlash  masalalariga jiddiy  qaraydi. Tibbiyotni  o‘z hayotining mazmuni deb bilgan  Zuhriddin Salohiddnov “Igna bilan  quduq  qazish” yo‘lini tutdi. Nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli yoqladi. Olimlik darajasiga erishdi.

Ustoz Salohiddinov o‘z  qarashlari, atrofdagilarga munosabati va  insoniy fazilatlari bilan  shifokor  degan nomni oqlash, yuksaklarga ko‘tarishga  intildi. Odamiylik va samimiyat bobida barchaga o‘rnak bo‘ldi. Uning “Oqibat bekasi”, “Ibrat malikasi” singari badiiy asarlari bunga yorqin misoldir. Shifokor olim birinchilar  qatorida institutda ingliz tilida talabalar anjumanini o‘tkazdi. O‘nlab monografiyalar, o‘quv  qo‘llanmalar, amaliyotga tatbiqlar, ratsionalizatorlik takliflari, ixtirolar, jurnal va gazetalarda chop etilgan  ilmiy maqolalarning muallifidir. Muntazam ravishda davriy nashr va televidenieda o‘zining intervyulari va chiqishlari bilan  qatnashib turadi.  O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi (2011 y.)   2013-yilda “Eng yaxshi kafedra mudiri”, “Eng namunali oila”  ko‘rik-tanlovlarining g‘olibi bo‘lgan. Barchamiz uchun eng quvonchlisi, Ustoz joriy yil tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Ustoz Salohiddinov rahbarlik salohiyati, tashabbuskorligi, madaniyati, faoliyati bilan xodimlar va keng jamoatchilik orasida hurmat  qozongan. Uning rahbarligida ko‘plab nomzodlik  va magistrlik dissertatsiyalari yoqlandi.
Z.S.Saloxiddinov ko‘p yillik ish faoliyati davomida institutda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda faollik ko‘rsatmoqda. Respublika oliygohlari ichida birinchilardan bo‘lib telemeditsinani tashkil etishda tashabbuskor va bajaruvchi bo‘ldi.
Ustoz turmush o‘rtog‘i Arofat Karimova,  hayotda o‘z munosib o‘rnini topgan 3 nafar o‘g‘illari, kelin va nabiralari  bilan ibratli hayot kechirib kelmoqda.

                                                                        Ra’noxon HAYITBOEVA,

“Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!