TIL -MILLATNING MA’NAVIY BOYLIGIDIR

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlik va do‘stlikning birdan bir manbaidir. Shu sababli ham har bir xalq o‘z tilini saqlab qolishga harakat qiladi. Tarixga nazar solsak, jahonni zabt etgan sarkardai davronlar, avvalo, mazlum xalq ma’naviyatining mayog‘i bo‘lmish tiliga tajovuz etishga harakat qilganlar. Mazkur bo‘htonlardan ko‘hna tilimiz ham «benasib» qolmadi. Bag‘ri kuyuk bu tilning ne-ne «paylari uzilib, qobirg‘alari sinib» (A.Oripov) ketmadi deysiz… Ammo xalq dahosi, zahmatkash farzandlari yetovida xuddi qaqnus singari qayta tug‘ilib, kamol topaverdi. Bugungi hurlik zamonida, tilimizning qonuniy himoyasi qayta tiklangan davrda tilimiz o‘zining butun-basti bilan keng quloch yoymoqda.

Insoniyat tarixida bugungi kungacha 9000dan ortiq til yo‘qolib ketgan. Hozirgi kunda Yer sayyorasida 6809 ta til saqlanib qolgan. Aholi eng ko‘p foydalaniladigan til sifatida-xitoy, ingliz va ispan tillari e’tirof etiladi. Lingvistlarning fikricha, hozirda ko‘p qo‘llanilayotgan til ingliz tili bo‘lsa, XXI – asr o‘rtalariga borib xitoy tili asosiy til bo‘lib qolishi taxmin etilmoqda.  Har bir mamlakatning bayroq, gerb, madhiya singari davlat ramzlarini belgilovchi eng muhim omillaridan biri – uning milliy tilidir. Shuning uchun, har bir xalq o‘zining milliy tili taraqqiyoti va taqdiri uchun qayg‘uradi. Xalqlar qanday bo‘lmasin o‘zining tili o‘zi uchun azizdir. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti  I.A.Karimov tashabbusi va shijoati bilan 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Hali sobiq Ittifoq tarkibida turgan vaqtimizdayoq, bunday ishni amalga oshirish chinakam jasorat va shu bilan birga istiqlolga qo‘yilgan ilk qadam edi. Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilgan muborak kun o‘zbekka o‘zligini qaytargan, taqdiri va kelajagini tayin etgan qonun millatimiz tarixiga zarhal harflar bilan yozildi. Ushbu qutlug‘ qonun o‘laroq, o‘zbek tilining maqomi yuksalib, ming yillik xalq tilining xira tortgan ko‘zlari qaytadan ochildi, go‘yo.

Til – xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o‘zligini anglab yetishga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini oshirish muhim o‘rin tutadi. Inson tug‘ilib, voyaga yetar ekan, u ona tili, ona Vatan, ona zamin kabi milliy qadriyatlarini shu til vositasida anglaydi va his qiladi. Shuning zamirida unda milliy ong, vatanparvarlik, millatparvarlik, mustaqillik kabi tushunchalar paydo bo‘ladi va singib boradi. Til har bir xalqning ulkan boyligi, bebaho mulki, qalbi va ovozi hisoblanadi. 2016 yil 13 mayda I.A.Karimov tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni Vatanni, millatni sevuvchi har bir insonni quvontirdi. Unda o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, uning hozirgi zamon globallashuv davridagi tutgan o‘rni masalalariga e’tibor qaratilishi xalqimizning yuragidagi gaplar edi. Bu farmonni mamlakatimizda olib borilayotgan tilga oid siyosatning mantiqiy davomi deyish mumkin.

Bundan tashqari, olim va mutaxassislar tomonidan ilm – fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, 80000 dan ziyod so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, sanoat, madaniyat, va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarni o‘z ichiga olgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimidir. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev rahnamoligida milliy madaniyatimizning ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimizni yanada boyitish, davlat va jamoat tashkilotlarida davlat tili haqidagi qonun ijrosini ta’minlash, yoshlarimizni ona tiliga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda va izchil davom etmoqda.

Shu jumladan institutimiz miqyosida davlat tiliga bo‘lgan hurmat va ehtirom har bir jabhada sezilib turadi. Rasmiy ish qog‘ozlari imloviy savodxonlik talablari asosida yuritiladi. Har bir tadbir milliy tilimizga bo‘lgan hurmat asosida mazmunli tashkil qilinadi. O‘zbek adabiy tilining boy imkoniyatlari asosida ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlari tahrirdan o‘tkaziladi. Davlat tiliga bo‘lgan bunday muhabbat institutda tahsil olayotgan talaba-yoshlarda milliy g‘ururimizni, o‘zligimizni qalban his qilish yo‘lidagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarimizning in’ikosi hisoblanadi. Millatimizning milliyligini amalga oshirishdagi ko‘p yillik orzular bugungi kunda o‘zligini namoyon qilmoqda. Tilimizning tarovati-yu nafosatini, imkoniyati-yu salohiyatini e’tirof etish bilan birga ta’limiy, ma’naviy ishlarimizni yanada boyitish borasida mehnat qilaveramiz. Zero, shu asosda o‘z vatanparvarlik burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida boyitishga, taraqqiy etgan tillar qatoriga qo‘shishga harakat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lishi kerak.

 

M.Қo‘ziboyeva,

Tillar, pedagogika va psixologiya

kafedrasi mudiri.

304