Ukrainalik talabalarning yozgi amaliyoti samarali yakunlandi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Andijon davlat tibbiyot instituti bilan Xarkov milliy tibbiyot universiteti tibbiyot fakulteti o‘rtasida akademik va talabalar almashinuvlari, o‘quv –uslubiy yordam va onlayn konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha muntazam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Ukrainadan tashrif buyurgan 5 nafar talaba bir oy davomida Andijon davlat tibbiyot institutida, institut kafedralari o‘quv bazalarida,  simulyatsion o‘quv markazida bo‘lishib,  xirurgiya, terapiya, akusherlik va ginekologiya  va pediatriya mutaxassisliklari  bo‘yicha  amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, bilim va malakalarini mustahkamladilar.

O‘quv amaliyot davomida xorijlik talabalar Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari bilan do‘stlashib, birgalikda Andijonning  diqqatga sazovor  joylari  Xonobod shahri, Bog‘i Bobur dam olish maskani va Andijon Registoni kabi  joylarda bo‘lishib, sayr sayohat qildilar. O‘zbek milliy madaniyati, an’ana va qadriyatlariga guvoh bo‘ldilar.

2019 -yil 22-iyul kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori  huzurida yozgi amaliyot yakuniga bag‘ishlangan  uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda institut rektori M.Madazimov yozgi o‘quv amaliyoti haqida o‘z fikr-mulohazalarini  bildirib, ilmiy – amaliy  tadqiqot  ishlaridagi hamkorlik rishtalari mustahkam va bardavom bo‘lishini aytdi. Institut xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinov  yozgi amaliyot  muvaffaqiyatli o‘tganligini   alohida ta’kidladi.

Uchrashuv  nihoyasida  har bir  ukrainalik talabaga o‘quv amaliyotdagi  faol ishtiroki uchun sertifikat va  sportda erishgan yutuqlari uchun  turli darajadagi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Shu kuni talabalar andijonlik qadrdon do‘stlari bilan xayrlashib, unutilmas taassurotlar bilan o‘z yurtlariga jo‘nab ketdilar.

260