Viloyat hokimining bayramoldi uchrashuvi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

2019 – yil 5- mart kuni   Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shaqboevich Abdurahmonov bilan yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 8 Mart –Xalqaro xotin- qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, prorektorlar, institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, talaba- qizlar ishtirok etdilar. Tadbir avvalida  ularga viloyat hokimi nomidan yozilgan tabriknomalar, gullar va sovg‘alar taqdim etildi.

Shundan so‘ng, Andijon viloyati hokimi, senator Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqib, institut jamoasining barcha dilbar  ayollarini va biri-biridan lobar, iste’dodli va zukko talaba- qizlarini  fusunkor ayyom – go‘zallik va nafosat tantanasi  8 – Mart  bayrami  bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Viloyatimiz  rahbari o‘z so‘zida mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, Prezidentimiz tomonidan ayollarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rliklar, ularning  turmush farovonligini yaxshilash yo‘lida yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida gapirdi. Shuningdek, viloyatimizdagi  turli soha va yo‘nalishlarda halol mehnat qilib kelayotgan , g‘ayratli, shijoatli va jonkuyar xotin-qizlar, o‘z odobi, hayosi,  nazokatiyu malohati  bilan o‘rnak bo‘layotgan barcha nozik xilqat egalari sha’niga iliq va samimiy tilaklarini bildirdi. Bugungi kunda oilada, jamiyatda, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida munis onaxonlarimiz, latofatli opa-singillarimizning o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori M. Botirov so‘zga chiqib, barchani bayram bilan tabrikladi va o‘zining Bahor, Ayol, Onalarni madh etuvchi she’rlarini o‘qib berdi.

Ochiq muloqot, do‘stona va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan bayramoldi  uchrashuvida Umumiy jarrohlik  kafedrasi dotsenti J.Saidxodjaeva, tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Qo‘ziboeva hamda davolash fakulteti  talabasi D.Xoliqovalar  o‘zlarining taassurotlarini, dil so‘zlarini bildirdilar.

Yurtimizda, xususan,  viloyatimizda xotin-qizlarga  ko‘rsatilayotgan yuksak  e’tibor va e’tirofdan  mamnun ekanliklarini izhor etdilar.

616