“Yoshlar Vatan xizmatida rostgo‘ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori”

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Yoshlik – beg‘uborlik. Yoshlik – soddalik, ishonuvchanlik, rostgo‘ylik davri. Mamlakatning kelajagi bo‘lgan yosh avlod bugungi kundan qanday tarbiyalansa ertaga davlat, jamiyat taraqqiyotida – ahvolida shu tarbiya aks etadi. Shuning uchun ham hukumatimiz, shaxsan mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni komil insonlar qilib tarbiyalash, ularni qonunlarga hurmat bilan qarashga o‘rgatish jamiyatda adolatni ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishishning asosidir.

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik holatlarini oldini olish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-noyabrdagi PQ-3371-sonli qarori asosida 2019-yil 18-mart kuni  O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy vakilligi tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha” chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Yoshlar Vatan xizmatida rostgo‘ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusida ijodiy ishlar tanlovini o‘tkazish yuzaasidan konsepsiya tasdiqlagan. Andijon davlat tibbiyot institutida mazkur konsepsiya ijrosini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi tashabbusi bilan institutning barcha fakultetlari talabalari o‘rtasida karrupsiyaga qarshi kurash mavzusi ostida plakatlar va insholar tanlovi o‘tkazildi.

Plakatlar tanlovida talabalar jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan jinoyatlarning biri korrupsiya, uning kelib chiqishiga asos bo‘layotgan holatlar, mazkur jinoyatga qarshi kurash mavzularini rasmlarda aks ettirishga harakat qildilar va o‘z tasvirlarini izohlab berdilar.“Yoshlar Vatan xizmatida rostgo‘ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusidagi insholar tanlovida esa “Biz karrupsiyaga qarshimiz”, “Karrupsiya – jinoyatlar asosi”, “Karrupsiyasiz hayot sari” kabi sarlavhalar ostida yozgan insholari orqali o‘z fikrlarini bildirdilar.

“Yoshlar Vatan xizmatida rostgo‘ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusida ijodiy ishlar tanlovlarida ishtirok etgan talabalar jamiyatdagi salbiy holatlarga mustaqil ravishda o‘z fikrini bildirish va ijodiy ifodalash qobiliyatini ko‘rsata olishdi. Bu esa kelajakda yoshlarning har bir voqea-hodisaga fikr bildira olishida o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Odiljon KARIMOV,
ADTI matbuot kotibi

476