Bugun, 11-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutining 2026-yilga mo‘ljallangan rejasi asosida Andijon viloyatining chekka hududlaridan biri – Ulug‘nor tumanida keng qamrovli chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Mazkur tadbirga institutning 18 nafar yetakchi mutaxassislari jalb etilib, tumandagi 400 nafardan ortiq aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida fuqarolarga malakali tibbiy maslahatlar berilib, zarur hollarda qo‘shimcha tekshiruv va davolanish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.


Shuningdek, hududda eng ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir hamda endokrin kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlari o‘tkazildi. Natijada ayrim yashirin kechayotgan kasallik holatlari aniqlanib, bemorlarga erta bosqichda zarur tavsiya va yo‘llanmalar berildi. Bu esa kasalliklarning asoratlarini oldini olish va aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.




Tibbiy ko‘rik doirasida mahalliy shifokorlar uchun milliy klinik protokollardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy seminar ham tashkil etildi. Unda zamonaviy diagnostika va davolash yondashuvlari yuzasidan tushuntirishlar berilib, tajriba almashildi.
Mazkur tadbir aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda birlamchi tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.


