Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M. Madazimov 6-bosqich talabalari bilan uchrashib, ularning ta’lim olishi, amaliy ko‘nikmalarni egallashi, kelgusidagi kasbiy faoliyati hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida institut rektori bugungi kunda tibbiyot sohasida yuz berayotgan yangilanish va islohotlar, zamonaviy tibbiy texnologiyalarning amaliyotga keng joriy etilayotgani, tibbiyot xodimlari oldiga qo‘yilayotgan yangi talablar haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, institutda talabalar uchun yaratilayotgan zamonaviy ta’lim va amaliyot imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, institut klinikasi, Markaziy ilmiy-tadqiqot va vivariy markazi faoliyati, ularning ilmiy izlanishlar, amaliy mashg‘ulotlar va zamonaviy tibbiy bilimlarni egallashdagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Rektor talabalarga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini muntazam o‘rganib borish hamda o‘z ustida ishlash muhimligini ta’kidladi.
Muloqot davomida dual ta’lim tizimining afzalliklariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu ta’lim shakli asosida har bir talabaning o‘ziga biriktirilgan tibbiyot muassasasida bevosita amaliy faoliyat olib borishi bilan bir qatorda, ta’lim jarayonini ham davom ettirishi, shu orqali nazariy bilimlarini real klinik amaliyot bilan mustahkamlashi mumkinligi qayd etildi.

Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” loyihasi haqida ham so‘z yuritildi. Talabalarga loyiha doirasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘z g‘oya va tashabbuslarini amaliy loyihalarga aylantirish, tibbiyot sohasida innovatsion va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida faoliyat boshlash imkoniyatlari tushuntirildi.


Uchrashuvning keyingi qismida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari va mavjud muammolari tinglandi. Talabalar ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish, klinik bazalardan foydalanish, dual ta’lim jarayonini rivojlantirish hamda talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Bildirilgan murojaat va takliflarning har biri mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, yechimi aniq muddat va mas’ul ijrochilarni talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli rahbar va mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.







