Stomatologiya fakulteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-noyabrdagi PQ-2659-sonli qarori, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016-yil 22-noyabrdagi 500-son hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016-yil 23-noyabrdagi 481-sonli buyruqlari asosida Andijon davlat tibbiyot institutida 2016-yil dekabr oyida tashkil qilindi. Bugungi kunda fakultetda 1 nafar dekan, 3 nafar dekan o‘rinbosarlari, 1 nafar dekanat uslubchisi, 1 nafar o‘quv ishlari bo‘yicha dispetcher va 2 nafar dekanat ish yurituvchisi faoliyat yuritib keladi. Hozirgi kunda fakultet tasarrufida 14 ta kafedra bo‘lib, ular asosan, institut o‘quv binosi, institut klinikasi, viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasi va viloyat stomatologiya poliklinikalari bazasida joylashgan. 218 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Ularning 14 nafari fan doktori, professorlar, 24 nafari fan nomzodlari va dotsentlar, 28 nafari katta o‘qituvchi, 152 nafari assistent va o‘qituvchilardir. Fakultetda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati 33% dan yuqori bo‘lib, respublika tibbiyot institutlari fakultetlari orasida yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Stomatologiya fakulteti talabalari turli amaliy anjumanlarda o‘zlarini ilmiy maqolalari bilan qatnashib kelmoqdalar. Ibn Sino, Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyalarini hamda viloyat hokimi stipendiyalarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Iqtidorli talabalar respublika, xorij mamlakatlarida o‘tkaziladigan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar.